Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti maktabgacha tarbiya va defektologiya kafedrasi tomonidan “Alohida ta’limga muhtoj bo‘lgan bolalarni o‘qitish va tarbiyalashning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Undan ko‘zlangan maqsad inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’limga muhtoj bolalarga sifatli ta’lim va tarbiya berishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdir.


Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakillari, ilg‘or oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari bilan birga Rossiya Federatsiyasi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Moskva xalqaro maktabgacha pedagogika akademiyasi, K.D.Ushinskiy nomidagi Yaroslavl davlat pedagogika universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universitetidan professor-o‘qituvchilar, olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiyada inklyuziv ta’limni joriy etishning dolzarb masalalari, maxsus pedagogika va defektologiya sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalarning ta’lim jarayoniga integratsiyasi, shuningdek, psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish masalalari keng muhokama qilindi.

Tadbir yakunida konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilinib, unda alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun o‘qitish sifatini oshirish, ularning ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash, pedagog kadrlar malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.