Xalqaro hunarmandlar festivalida yurtdoshlarimiz munosib ishtirok etdi
Armanistonning Megri viloyatida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandlar festivalida mamlakatimiz hunarmandlari ham munosib ishtirok etdi.
Jumladan, xalqaro festivalda yurtimiz nomidan rishtonlik kulol Baxtiyor Nazirov, Buxorolik qorako‘l mahsulotlari ustasi Nazira Nazarova hamda surxondaryolik baxshi Muhammad Eshboyev ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyish etdi.


Festival yakunlariga ko‘ra, hunarmandlarimiz va san’atkorlarimiz muvaffaqiyatli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, milliy hunarmandchilik va folklor san’atining xalqaro miqyosdagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar sammiti doirasidagi xalqaro an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmasida O‘zbekiston nomidan badiiy yog‘och o‘ymakorligi ustasi Mirmaqsud Mirrahimbayev, kashtachilik ustasi Nilufar Musadjanova, kulolchilik ustasi Diyorbek Nazirov ishtirok etib, noyob ijod namunalari xalqaro mehmonlar va turkiy davlatlar vakillarida katta taassurot qoldirdi.


Mazkur nufuzli ko‘rgazmalar milliy hunarmandchiligimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish hamda tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA