Xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya boshlandi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tinchlik yo‘lida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik doirasida turli xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya, seminar va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish an’anaga aylandi.
Navbatdagi ana shunday tadbirlardan biri – xalqaro harbiy-ilmiy onlayn konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida bugun boshlandi. Butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan “COVID-19” pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda, tadbir videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilmoqda.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ko‘magida «Zamonaviy harbiy nizolar va ularning oldini olish yo‘llari» mavzusidagi ushbu onlayn-konferensiyada Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Shimoliy atlantika shartnomasi tashkiloti, Jorj Marshall nomidagi xavfsizlik masalalarini o‘rganish bo‘yicha Yevropa markazi, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya Federativ Respublikasi, Polsha, Ukraina, Hindiston, Italiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi koordinatori Jon MakGregor so‘zga chiqib, xalqaro ilmiy onlayn-konferensiyaning dolzarb jihatlari haqida fikr bildirishdi.

Yig‘ilishning birinchi ma’ruzachisi sifatida polkovnik Hamdam Qarshiyev “Hozirgi davrning global tahdidlari” mavzusida mulohazalar yuritdi hamda mintaqaviy muammolar va ularning yechimiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, iste’fodagi polkovnik Robin Massinkoff (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti), professor Gregori Glinsson (Jorj Marshall nomidagi xavfsizlik masalalarini o‘rganish bo‘yicha Yevropa markazi), professor Aybek Uulu Lesbek (Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari harbiy instituti), polkovnik Marat Jusupbekov (Qozog‘iston mudofaa vazirligi strategik rivojlanish departamenti boshlig‘i), polkovnik Valeriy Shlakunov (Belarus harbiy akademiyasi dotsenti), polkovnik Rustam Samarov (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari) hamda Viktor Mixaylov (Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi direktori)larning ma’ruzalari tinglandi.
Xalqaro ilmiy onlayn-konferensiya o‘z ishini ertaga davom ettiradi.

Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti
O‘zA