Xalqaro hamkorlikdan yuqori natijalar kutilmoqda
Koreya Respublikasining Kyongsannam-do provinsiyasi gubernatori Pak Van Su boshchiligidagi delegatsiya Toshkent viloyatida bo‘lib turibdi.
Mazkur tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-ta’lim va madaniy sohalarda aloqalarni mustahkamlash maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Xususan, Chirchiq shahridagi “Chirchiq Texnoparki”da Toshkent viloyati hokimligi hamda Kyongsannam-do provinsiyasi o‘rtasida biznes-forum o‘tkazildi. Unda har ikki hududning rasmiylari, ishbilarmon doira vakillari qatnashdi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Kyongsannam-do provinsiyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi holati va uning istiqbollari haqida so‘z yuritdi. U ikki hudud o‘rtasidagi aloqalarning strategik ahamiyatini ta’kidlar ekan, investitsiya, ta’lim, fan va yuqori texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tadbir doirasida Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, erkin iqtisodiy zonalar va loyiha imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, Kyongsannam-do provinsiyasidagi sanoat, innovatsiya va yuqori texnologiyalar sohasidagi yutuqlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Biznes-forum doirasida ikki hudud o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida rasmiy bitim imzolandi. Shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida V2V va V2G formatdagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Forumning yana bir muhim qismi ta’lim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlandi. Jumladan, Chonvon universiteti hamda Toshkent viloyatidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa talabalar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot loyihalari va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi. Shu bilan birga, delegatsiya a’zolariga Toshkent viloyatining diqqatga sazovor manzillarini ham tanishtirish rejalashtirildi.
A.Musayev, O‘zA.