Xalqaro hamkorlik rivoji yo‘lida
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Monirul Islom bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ullarining uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, soha vakillari tajriba almashishini ta’minlash kabi masalalar xususida fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida media sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uyushma faoliyati, uning oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, xalqaro aloqalarni rivojlantirish yuzasidan xorijiy davlatlar jurnalistlar uyushmalari bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari, jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovlar, xususan, shu yil “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi bo‘yicha 25 davlatdan 50 dan ziyod jurnalist qatnashgani, ular orasida Yevropa va Osiyo qit’asidan soha vakillari borligi haqida so‘z yuritdi.
Muhammad Monirul Islom O‘zbekiston va Bangladesh izchil iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotgani, maqsadlar mushtarakligi, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini, Bangladeshda yurtimizdan yetishib chiqqan Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar e’zozlanishini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari, jurnalistlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA