Xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Andijon mashinasozlik instituti hamda Turkiyaning Yalova universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Andijon davlat texnika instituti rektori, texnika fanlari doktori Umidjon Turdialiyev boshchiligidagi institut delegatsiyasi Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Yalova universitetida bo‘ldi. Tashrif davomida delegatsiya universitetdagi o‘quv jarayonlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda innovatsion infratuzilma bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga robototexnika, polimer va materialshunoslik, energetika hamda termodinamika yo‘nalishlaridagi zamonaviy laboratoriyalar faoliyati taqdim etildi. Ushbu laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va amaliy tadqiqotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, universitet rektori, professor, doktor Mehmet Bahchekapili bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Yakunda Andijon davlat texnika instituti va Yalova universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum doirasida hamkorlikda akademik almashinuv dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish, ilmiy seminar, forum va xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, bakalavr, magistrlik ishlari hamda doktorlik dissertatsiyalariga birgalikda ilmiy rahbarlik qilish borasidagi ishlar belgilab olindi.
Ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalarga xalqaro tajribalar bilan tanishish uchun keng imkoniyat beradi.

F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri