Xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining rivojlangan mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Andijon davlat tibbiyot institutida ham bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda Andijon davlat tibbiyot institutida xorijning tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

– Institutimiz tomonidan belgilangan rejalar, chora-tadbirlar doirasida xorijiy davlatlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiy markazlar, klinikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Farruxbek Rasulov. – Jumladan, hozirga qadar Italiya, Hindiston, Portugaliya, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Belarus, Polsha, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston singari 20 ga yaqin davlatlardagi 60 dan ortiq xorijiy tibbiyot universitetlari, institutlari, klinikalari bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Umuman, institutimiz tomonidan xorijlik hamkorlar bilan 105 ta xalqaro shartnoma imzolangan.

Bugungi kunda institutda xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar soni ming nafardan ortdi. Shuni inobatga olgan holda Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Hindiston va Pokistondan kelib o‘qimoqchi bo‘lganlar hisobiga, viloyatda tibbiy ta’lim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish, shuningdek, xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “talaba vizasi” joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Keyingi yillarda institut klinikasida faoliyat yuritayotgan 150 nafar yosh mutaxassis dunyoning rivojlangan mamlakatlariga borib malakasini oshirib qaytdi. Ular klinikada mustaqil ravishda yuqori texnologik davolash muolajalarini amalga oshirish tajribasiga ega.
Ayniqsa, institutning Rossiya Federatsiyasining tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorligi mustahkam asoslarga ega. Ayni kunda institut Rossiyaning Privoljskiy nomidagi tibbiy tadqiqot universiteti bilan stomatologiya, yuz-jag‘ jarrohligi bo‘yicha klinik ordinatura (1+1) yo‘nalishi, Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya bakalavriat ta’lim (3+2) yo‘nalishida, shuningdek, Qozon federal universiteti, I.P.Pavlov nomidagi 1-Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti, Sankt-Peterburgdagi I.I.Myechnikov nomidagi Shimoliy-G‘arbiy davlat tibbiyot universiteti, V.A.Almazov nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot markazi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Ana shu hamkorlik doirasida Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishida (3+2) qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida bugungi kunda 47 nafar talaba tahsil olmoqda.
Institut professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari Rossiya Federatsiyasining oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlarida tajriba va malakasini oshirmoqda. Xususan, 2023-2025 yillarda institutning 100 nafarga o‘qituvchi va mutaxassisi Rossiyada malaka oshirib qaytdi.

Shuningdek, Germaniya davlatining qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan ham mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Rostok universiteti bilan ilm-fan, ta’lim, ilmiy faoliyatni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, doktoranturani rivojlantirish, shu bilan birga, innovatsion radiologiya, urologik onkologiya, klinik radiologiya sohalarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Berlin shahridagi Xelios klinikasi, Berlin universiteti tibbiyot fakulteti bilan esa xodimlarning klinik onkologiya va radiologiya bo‘yicha malaka oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Koreya milliy transport universiteti bilan hamkorlikdagi Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi doirasida “Parameditsina” yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda ushbu yo‘nalishda 1- va 2- bosqichda 16 nafar talaba tahsil olmoqda.
Keyingi ikki yil davomida Hindiston bilan hamkorlik ko‘lami ancha kengaydi. Hozirda Andijon davlat tibbiyot instituti Hindiston Respublikasining 11 ta yetakchi oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Andijon davlat tibbiyot institutining Hindiston davlatida 3 ta, Janubiy Koreyada 1 ta vakolatli ofisi ochildi. Bu albatta, institutga xorijlik talabalarni jalb etish va abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga shu davlatlarning o‘zida to‘liq javob olishlariga imkon beradi.
2023 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasida Uzbek American Medical Association (O‘zbek-Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi) hamda AQSHning Pittsburg universiteti, CyberPatient kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Ana shu memorandumlar doirasida bugungi kunda amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari Milliy universiteti (National University) professorlari institutga kelib, o‘qituvchilar va talabalarga mahorat darslari o‘tkazdi. Ular bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Keyingi ikki yil davomida institutning o‘nlab mutaxassislari AQSHda malaka oshirib qaytdi.

Andijon davlat tibbiyot institutining davolash ishi stomatologiya fakultetlari ta’lim dasturlari Qozog‘iston Respublikasining ECAQA (The Euroasian Sentre for Accreditation and Quality Assurance in Higher Education and Health Care) markazi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Institutda xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Hindiston, Belarus, Ukraina, Isroil, Ozarbayjon, Turkiya davlatlaridan xorijiy mutaxassis va professorlar institutda bo‘ldi. Ular tomonidan talabalar, magistrant va mutaxassislar uchun darslar, ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulot va mahorat darslari o‘tkazildi.
Germaniyaning Rostok tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasi professori Oliver Xakenberg bilan 3 yilga mo‘ljallangan mehnat shartnomasi tuzildi. Shu davr mobaynida professor institutimiz talabalariga o‘z bilim va tajribalarini berib boradi.
Bundan tashqari, institut professor-o‘qituvchilari, mutaxassislarining xorijiy oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlarida tajriba va malakasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Institutning professor-o‘qituvchilari Kanada, Rossiya, Germaniya, Belarus, Turkiya, Latviya, Xitoy, Koreya, Hindiston singari qator davlatlarda bo‘lib, malaka va tajriba oshirib qaytdi.
Birgina shu yilning o‘zida institutda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirokida tibbiyotning turli soha va yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolar, ularni hal etish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan qator xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi. “Profilaktik tibbiyotda ilg‘or innovatsion texnologiyalarni qo‘llash”, “O‘zbekistonda perinatal tibbiyot: bugun va ertaga”, “Xirurgiya va kombustiologiyaning dolzarb muammolari” mavzularidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar shular jumlasidandir.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon davlat tibbiyot institutida yuqoridagi kabi xalqaro hamkorlik ko‘lami kengayib, amaliy natijalar salmog‘i ortib bormoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA