Xalqaro hamkorlik: istiqbol va imkoniyatlar
Bugungi kunda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining rivojlangan davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Andijon davlat pedagogika institutida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda o‘qitish jarayoniga xalqaro ta’lim mezonlarini joriy etish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ularning xalqaro ma’lumotlar bazasidan samarali foydalana olish va zamonaviy talablarga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan metodikalarini o‘rganish, o‘z faoliyatlariga tatbiq etish Andijon davlat pedagogika instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
– Institutimizda belgilangan rejalar, chora-tadbirlar asosida xalqaro tashkilotlar, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahtiyorjon Rasulov. – Hozirga qadar ana shu yo‘nalishda qator xorijiy davlatlar OTMlari bilan kelishuv va memorandumlar imzolangan.
Jumladan, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Germaniya, AQSH, Xitoy va boshqa davlatlarning qator oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Hamkorlik asosan birgalikda o‘quv dasturlari ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik almashinuvlar, talaba va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish singari yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar bilan seminar-treninglar, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Ayniqsa, institutning Rossiya Federatsiyasining Qozon va Chuvash davlat pedagogika universitetlari, Turkiyaning Marmara, Egey, Karabuk, Xitoyning Siyan Jiyatong universitetlari bilan hamkorlik aloqalari ancha mustahkam.
Masalan, Turkiya oliy o‘quv yurtlari bilan o‘quv dasturlari bo‘yicha hamkorlik qilish orqali talabalarga zamonaviy pedagogik usullar va tajribalarni o‘rgatish imkoniyati yaratilgan. Har yili turkiyalik olimlar bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun o‘tkazilayotgan seminar-treninglar ta’lim sifatini oshirishga yordam bermoqda.
Chuvash davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik doirasida universitetning bir guruh professor-o‘qituvchilari Andijon davlat pedagogika institutiga tashrif buyurib, institutdagi ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, o‘qituvchi va talabalar uchun ma’ruzalar o‘qidi, mahorat darslari o‘tdi.
Shuningdek, Osiyo mintaqasida yuqori nufuzga ega, Osiyo universitetlari alyansi xalqaro uyushmasi a’zosi bo‘lgan Xitoyning Siyan Jiyatong universiteti bilan hamkorlik doirasida mazkur universitetda Andijon davlat pedagogika instituti talaba va o‘qituvchilari uchun magistratura hamda doktorontura yo‘nalishi bo‘yicha beshta o‘rin ajratildi.
Xitoyning Ipak yo‘li universiteti ko‘magi bilan Andijon davlat pedagogika instituti tarixchi olimlarining qator ilmiy izlanish va monografiyalari xitoy tiliga tarjima qilindi.
Xitoyning xalqaro Bashu maktabi bilan hamkorlikda Andijon pedagogika institutida "Silk road" Xitoy tili va madaniyati markazi tashkil etilib, faoliyat yuritmoqda. Xitoy madaniyatiga oid qo‘lyozmalar, adabiyotlar, maxsus jihozlar joy olgan ushbu markazda xitoylik tajribali o‘qituvchilar tomonidan xitoy tili o‘rgatilmoqda. Markazni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga xalqaro darajadagi sertifikat beriladi.
Mazkur markaz ko‘plab yoshlarning xitoy tilini o‘rganishiga, kelgusida Xitoy davlatida o‘qishi, ishlashi uchun keng imkoniyat beradi.
Andijon davlat pedagogika instituti ilmiy tadqiqotlar olib borish, dual va kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy klaster ta’lim tizimini joriy etish hamda yoshlarni ushbu jarayonga jalb etish, talabalar, o‘qituvchilar o‘rtasida malaka almashinuvi va xalqaro tajribalarni o‘rganish yo‘nalishlaridagi qator xalqaro loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Leypsig universiteti hamda Germaniya Akademik almashinuv xizmati (DAAD) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Norasmiy va rasmiy kasb-hunar ta’limning o‘zaro bog‘liqligi, ish va o‘quv jarayonlarini raqamlashtirish” loyihasi doirasida joriy yilning kuzida bir haftalik xalqaro anjuman o‘tkazilishi belgilangan. Anjumanda Germaniya universitetlari olimlarining ishtirok etishi, mavzu doirasida O‘zbekistonda yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berishi ko‘zda tutilgan.
O‘tgan o‘quv yili davomida institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari turli xorijiy davlatlardagi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirib qaytdi. Joriy yilda ham malaka va stajirovkaga yuborish ishlari belgilangan reja asosida olib boriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar Andijon davlat pedagogika institutini jahonning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligini mustahkamlashga, jahon standartlariga javob beradigan, raqobatbardosh, malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Faxridin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari