Xalqaro hamkorlik doirasida mahorat darslari o‘tkazildi
Favqulodda vaziyatlar akademiyasida professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar va kursantlar uchun Nigeriyalik iqtisodiyot fanlari doktori, professor Gabriyel Ayodeji Ogunmola ishtirokida “Favqulodda vaziyatlar xavfsizligi bo‘yicha ta’lim: sun’iy intellekt, virtual reallik va global yondashuvlar” mavzusida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda xorijiy mutaxassislarni o‘quv jarayoniga faol jalb etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda xorijiy professor sun’iy intellekt, virtual reallik va boshqa innovatsion texnologiyalarning ta’lim jarayonidagi imkoniyatlari, ularni favqulodda vaziyatlar xavfsizligi yo‘nalishida qo‘llashning amaliy jihatlari hamda mazkur texnologiyalar orqali mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, ma’ruzada favqulodda vaziyatlarni modellashtirish, xavf-xatarlarni oldindan baholash, qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish va ta’lim oluvchilarni real vaziyatlarga tayyorlashda raqamli yechimlarning o‘rni alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, xalqaro tajriba, innovatsion ta’lim metodlari va zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Mahorat darsi yakunida FVV Akademiyasi rahbariyati professor Gabriyel Ayodeji Ogunmolaga tashrifi, mazmunli ma’ruzasi va xalqaro tajribasi bilan o‘rtoqlashgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA