Xalqaro fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik rivojlanadi
Xalqaro fuqaro aviatsiyasining barqaror rivojlanishi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va gumanitar aloqalarni kengaytirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Parlament quyi palatasi majlisida muhokama qilingan “Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq bayonnomalarni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasiga kiritilgan ayrim o‘zgartirishlarni ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda. Xususan, Konvensiyaning 50 (a)-moddasiga muvofiq, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Kengashi a’zolari sonini 36 tadan 40 tagacha, 56-moddasiga asosan, Aeronavigatsiya komissiyasi a’zolari sonini esa 19 tadan 21 tagacha oshirish belgilanmoqda.
Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga a’zo davlatlar soni ortib bormoqda. Shuningdek, xalqaro havo transportining jahon iqtisodiyotidagi o‘rni tobora kuchayib bormoqda. Bu esa yuqoridagi o‘zgartirishlarning dolzarbligini ko‘rsatadi. Kengash tarkibining kengaytirilishi tashkilotga a’zo davlatlarning vakillikdagi muvozanatini ta’minlash imkonini beradi.
Aeronavigatsiya komissiyasi tarkibining kengaytirilishi esa turli davlatlar vakillarining texnik bilim va amaliy tajribasidan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Chikago konvensiyasi doirasidagi xalqaro majburiyatlarini to‘liq bajarishini ta’minlaydi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA