Xalqaro forumlar bayramga ulandi
Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani singari Samarqand viloyatida Vatanimiz mustaqilligining 33 yiligi keng nishonlanmoqda.
Asosiy bayram tantanalari Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatri va keyingi yillarda ko‘rkam shaharcha ko‘rinishini olgan Qorasuv massividagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida nishonlandi.
Viloyat hokimi E.Turdimov bayram ishtirokchilari va ularning timsolida butun viloyat ahlini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabrikladi.
[gallery-19064]
– Bu yilgi bayram biz uchun chinakamiga tarixiy voqea bo‘lmoqda, – dedi E.Turdimov. – O‘tayotgan haftada Samarqandda 80 ga yaqin davlatdan kelgan san’atkorlar, musiqashunoslar ishtirokida “Sharq taronalari” o‘n uchinchi xalqaro musiqa festivali yuksak saviyada o‘tkazildi. Anjumanning tantanali ochilish marosimida hurmatli Prezidentmiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, festival qatnashchilarini tabrikladilar. Shu bilan birga ushbu san’at bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishdagi fidoyilik uchun viloyatimiz ahliga minnatdorlik bildirdi. Bu albatta, barchamiz uchun faxr va ulkan mas’uliyatdir.
Bundan tashqari bayram arafasida viloyatimizda bir qator xalqaro anjuman va forumlar, sport musobaqalari o‘tkazildi, nufuzli delegatsiyalarning tashriflari amalga oshirildiki, bu ham Samarqand ayni paytda dunyoning yirik ishbilarmonlik, turizm va madaniy markaziga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmonlariga ko‘ra, turli sohalarda faol mehnat qilayotgan, o‘zining tashabbuskorllgi va fidoyiligi bilan boshqalarga ibrat bo‘layotgan bir guruh samarqandliklar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham barchamizga cheksiz quvonch bag‘ishladi.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram dasturida yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik va millatlararo totuvlik, ulkan bunyodkorlik ishlari, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosi va bugungi yosh avlodning bilim cho‘qqilarini egallash borasidagi yutuqlari, sportchilarimiz erishayotgan natijalar badiiy chiqishlar, qo‘shiqlar orqali ifodalandi.
Samarqandlik va poytaxtdan kelgan san’atkorlarning Vatan, ozodlik madh etilgan qo‘shiqlari tantana qatnashchilariga xush kayfiyat ulashdi.
Bayram tadbirlari yakunida Samarqand osmoni uzra turli xil mushaklar porladi.
G‘.Hasanov, A.Isroiloa (surat), O‘zA muxbirlari