Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston moliya tizimiga qanday tavsiyalar bermoqda?
Bugungi kunda banklarning vazifasi faqat pul muomalasini tartibga solish yoki inflyatsiyani nazorat qilish bilan cheklanmaydi. Endi ular iqtisodiyotdagi eng muhim omillardan biri bo‘lgan jamoatchilik ishonchini shakllantirish uchun ham mas’ul hisoblanadi. Chunki iqtisodiy qarorlar qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, agar ularga nisbatan ishonch bo‘lmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin.
“Monetary Policy Dialogue – 2026” xalqaro muloqoti doirasida Oksford universiteti professori Maykl Makmahon hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq eksperti Devid Vavra aynan shu masalalar yuzasidan o‘z qarashlarini bildirdi. Ularning fikrlari O‘zbekiston uchun ham muhim tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Professor Maykl Makmahonning ta’kidlashicha, ilgari markaziy banklar asosan qabul qilingan qarorlarni e’lon qilish bilan cheklanardi. Bugungi kunda esa moliyaviy barqarorlikni ta’minlash siyosatining ajralmas qismiga aylangan. Ya’ni, Markaziy bank faqat foiz stavkasini o‘zgartirish bilan emas, balki nima sababdan bunday qaror qabul qilingani, uning aholi va biznesga qanday ta’sir ko‘rsatishini sodda va tushunarli tarzda izohlashi kerak.
Mutaxassisning fikricha, odamlar Markaziy bank qarorlarini to‘liq anglasa, iqtisodiyotga bo‘lgan ishonch ham ortadi. Ekspertlarning aytishicha, “real foiz stavkasi”, “bazaviy inflyatsiya” kabi atamalar iqtisodchilar uchun tushunarli bo‘lsa-da, oddiy fuqarolar uchun murakkab. Shuning uchun markaziy banklar texnik terminlardan ko‘ra, odamlar har kuni duch keladigan tushunchalar masalan: narxlar, ish haqi, kreditlar, ish o‘rinlari va oilaviy byudjet haqida sodda tilda gapirishi kerak. Bu esa aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlaydi.
Ko‘pchilik iqtisodiy prognozlar o‘zgarsa, buni mutaxassislarning xatosi deb hisoblaydi. Professor Makmahon bunga boshqacha yondashadi. Uning ta’kidlashicha, prognozlar ma’lum sharoitlarga asoslanib tuziladi. Agar neft narxi, valyuta kursi yoki jahon iqtisodiyotidagi vaziyat o‘zgarsa, prognoz ham yangilanadi. Muhimi, Markaziy bank bu o‘zgarishlarning sababini odamlar uchun ochiq va tushunarli tarzda izohlab bera olishi kerak.
Professor Makmahondan O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlat uchun keyingi yillarda eng muhim kommunikatsiya vazifasi nima bo‘lishi so‘ralganda, u qisqa, ammo juda muhim javob berdi: “Ishonchlilik, ishonchlilik va yana ishonchlilik.” Uning fikricha, Markaziy bankka ishonch yuqori bo‘lgan mamlakatlarda inflyatsiyani nazorat qilish osonroq kechadi. Demak, ishonch bugungi iqtisodiyotning eng muhim resurslaridan biriga aylanmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq eksperti Devid Vavra esa islom bankchiligi haqida fikr bildirib, bu tizim moliyaviy xizmatlardan foydalanuvchilar sonini ko‘paytirishini ta’kidladi. Uning aytishicha, islom moliyasi nafaqat diniy tamoyillarga amal qiluvchi fuqarolar uchun, balki moliyaviy tizimni yanada xilma-xil va barqaror qilish uchun ham muhim. Bu esa jamg‘armalarni iqtisodiyotga jalb etish va yangi investitsiyalarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Ekspertning fikricha, O‘zbekistonda islom bankchiligi rivojlanishi bilan birga sukuk (qimmatli qog‘ozlarning islomiy tamoyillarga mos keluvchi turi) kabi moliyaviy instrumentlar bozori ham kengayishi kerak. Buning uchun sukuk muntazam va oldindan e’lon qilingan jadval asosida amalga oshirilishi muhim. Banklar bozorga qachon yangi instrumentlar chiqishini oldindan bilsa, o‘z likvidligini to‘g‘ri rejalashtira oladi. Bu esa moliya bozorining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Xalqaro ekspertlarning fikrlari shuni anglatadiki, zamonaviy markaziy bankning muvaffaqiyatida eng muhim omil jamoatchilik ishonchini qozonish, qarorlarni sodda va tushunarli tilda izohlash hamda iqtisodiy siyosatda shaffoflikni ta’minlashdir. Shu bilan birga, O‘zbekiston uchun islom bankchiligi va sukuk bozorini bosqichma-bosqich rivojlantirish, moliya tizimini yanada diversifikatsiya qilish va investorlar uchun bashorat qilinadigan muhit yaratish ham dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA