Xalqaro ekspertlar guruhi Uxanda nimani aniqlashdi?
Xitoyning Uxan shahrida koronavirus bilan bog‘liq ilk bemor paydo bo‘lganiga ham bir yildan oshdi. Insoniyat bir yil davomida koronavirus tarqalishiga qarshi kurash olib bordi.
Endi dunyo olimlari kasallik tarqalishiga barham berish barobarida virus yuzaga chiqishi sababini ham aniqlashga urinmoqda. Zero, har qanday muammoning ildizini topish o‘sha masalani hal qilishda muhim omil ekani barchaga ayon.
Koronavirus paydo bo‘lishi bilan bog‘liq turli taxminlar ilgari surib kelinmoqda. Ayniqsa,virus laboratoriya sharoitida tayyorlangani haqidagi mish-mish ko‘pchillikda havotir uyg‘otgani ham sir emas.
Masalan, Amerikaning “Fox News” telekanali nomi oshkor etilmagan manbaga tayanib, koronavirusga uchragan birinchi bemor Uxandagi laboratoriya xodimi bo‘lganini ta’kidlagan.
AQSHning avvalgi prezidenti Donald Tramp esa koronavirus urchishi sababini Xitoy laboratoriyalaridan qidirish kerakligini doimo ochiqcha aytgan.
Xo‘sh, Xitoyning Uxan shahri yoki o‘sha mashhur laboratoriyaning haqiqatan ham koronavirus pandemiyasiga aloqasi bormi?
Kuni kecha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xalqaro ekspertlar guruhi Xitoydagi sal kam bir oylik xizmat safarini nihoyasiga yetkazdi. Ular xitoylik hamkasblari bilan hamkorlikda COVID-19 kelib chiqishi bo‘yicha tadqiqot olib borishdi.
Shu vaqt ichida JSST mutaxassislari koronavirus ilk bor qayd etilgan Uxan shahri virusologiya institutida, jumladan, o‘ta darajada yopiq hisoblangan BSL-4 laboratoriyasida bo‘lishdi. Axir, virus ushbu laboratoriyadan chiqqani yoki COVID-19 sun’iy yaratilgani to‘g‘risidagi mish-mish qay darajada haqiqatga yaqinligini aniqlash ko‘p savolga oydinlik kiritardi. Qolaversa, koronavirus tarqalishiga kasalxonalar, dengiz mahsulotlari sotiladigan "Xuanan" bozori, shuningdek xastaliklarni nazorat qilish va kasalliklarning oldini olish markazlari ham sabab qilib ko‘rsatilayotgan edi.
Kuni kecha xalqaro ekspertlar Uxanda olib borilgan ishlar natijasi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazishdi.
Ekspertlar ta’kidicha, ular virus tarqalishiga Uxan shahridagi "Xuanan" bozori nechog‘li aloqadorligini aniqlay olmagan. Qolaversa, virus mazkur bozorga aynan ko‘rshapalaklar orqali kirganiga oid farazga ham dalil topilmagan. JSST missiyasi a’zolari fikricha, ko‘rshapalaklar shunchaki, oraliq tashuvchi vazifasini bajargan bo‘lishi mumkin.
JSST delegatsiyasi ushbu farazni hali o‘rganishda davom etish niyati borligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga virus odamlarga laboratoriyadan yuqqaniga ham ishonib bo‘lmasligini ta’kidlanyapti.
Koronavirus paydo bo‘lishi sababini yana qayerdan izlash mumkin?
Avval COVID-19 Uxandan oldin boshqa mamlakatlarda, masalan, Italiyada paydo bo‘lgani xususidagi fikr ham bor edi. “Biroq ushbu faraz, hozircha, o‘z tasdig‘ini topmadi”, deya bayonot berdi JSSTning Uxanda bo‘lib qaytgan xalqaro missiyasi a’zosi Marion Kupmans.
"Biz bir necha gazetada virus 2019 yil dekabr yo noyabr oyi oxirida Italiyada paydo bo‘lgani haqida xabar berilganini aniqladik, lekin buni isbotlash juda mushkul”, dedi u matbuot anjumanida.
Kupmans xonimning ta’kidlashicha, xalqaro ekspertlar guruhi asosiy e’tiborni, avvalo, Uxanda virus tarqalishining birinchi bosqichi qanday kechganini biliishga qaratgan. Olingan ma’lumotlar esa virus bilan bog‘liq ilk xabar shaharda dekabr oyida paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Ekspertlar virus boshqa joylarda ham tarqalganiga oid xabarlarni ommaviy axborot vositalaridan, shuningdek nashr qilingan ma’lumotlar bazasidan ham izlashgan.
COVID-19 insonga to‘rt xil usulda yuqqan bo‘lishi mumkin
JSST ekspertlari koronavirus qanday qilib odamga o‘tgani yuzasidan to‘rt ehtimoliy sababni ilgari surmoqda.
Birinchisi - virus to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamga o‘tgan. Ikkinchi faraz - virus insonga eng yaqin bo‘lgan oraliq jonivordan o‘tgan bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqat zanjiri uchinchi faraz sifatida ilgari surilmoqda. Bunda, ayniqsa, virus yuqtirish manbasi sifatida muzlatilgan ozuqa yuzasidan odamga o‘tgani ko‘p tilga olinyapti. Oxirgi taxmin esa laboratoriya bilan bog‘liq hodisa, deya talqin qilinmoqda.
Ekspertlar barcha farazlarni chuqur o‘rganar ekan, “virusning oraliq tashuvchi orqali o‘tishi ehtimoli” ishonchliroq ekanini ta’kidlashmoqda. Endi ekspertlar ushbu versiyani yanada chuqurroq o‘rganishlariga to‘g‘ri keladi. Yana bir ehtimoli yuqori baholanayotgan faraz – muzlatilgan oziq-ovqat yuzasidan ko‘chish. Bu fikr, o‘z navbatida, yana bir farazni, ya’ni virus olisdan tashib kelingan bo‘lishi mumkinligini keltirib chiqarmoqda. Yana bir ehtimol, bu - virusning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rshapalakdan o‘tishi.
Laboratoriya orqali insonga o‘tish ehtimoli juda oz

"Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, virus aholiga laboratoriya orqali o‘tgan, degan gap mutlaqo ishonchsiz. Shu bois, ushbu faraz biz o‘rganishni tavsiya qilayotgan taxminlar ro‘yxatidan olib tashlanadi", - deydi JSST missiyasi a’zolari. Demak, laboratoriya bilan bog‘liq bahs-munozara to‘xtatiladi.
COVID-19 Uxanda paydo bo‘lgani ham isbotlanmadi
Hozirgi mavjud epidemiologik ma’lumotlarga asoslanib aytish mumkinki, COVID-19 Uxandagi baliq bozorida paydo bo‘lganini isbotlash qiyin, deydi Xitoy sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi COVID-2019 ga qarshi kurash bo‘yicha ekspertlar komissiyasi rahbari Lyan Vannyan. Qolaversa, u COVID-19 Uxandan 2019 yil dekabr oyida tarqalganiga ishora beruvchi birorta ham dalil topilmaganini ma’lum qilgan.
AQSH esa hamon boshqacha fikrda
AQSH JSSTni koronavirus paydo bo‘lishi tafsilotini aniqlashda yanada shaffof bo‘lishga chaqirmoqda.
Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays yaqinda maxsus brifing o‘tkazib, jurnalistlarga Oq uy JSSTdan ushbu tekshiruv bo‘yicha to‘liq ma’lumot bayon qilingan hisobot kutib qolishini aytgan. Shuningdek, u dunyo ahli pandemiyaning boshlang‘ich bosqichi haqida ko‘proq bilishi kerakligini eslatib, bu insoniyatga kelgusida biologik fojealarning oldini olishda asqotishini ta’kidlagan.
JSST ekspertlari missiyasi yakuniy xulosaga kelishdimi?
Eng so‘nggi xabarlarda Xitoy hukumati koronavirus birinchi bor tarqalgani haqidagi qayta ishlanmagan ma’lumotlarni berishdan bosh tortgani aytilmoqda. Masalan, “Wall Street Journal” nashri ekspertlar ma’lumotiga tayanib yozishicha, ayni ma’lumotlar virusnning tarqalishi bilan bog‘liq ilk jarayon mamlakatda qachon va qanday sodir bo‘lganini aniqlashga yordam berishi mumkin edi.
Ekspertlar Xitoy hukumati 2019 yil dekabrda Uxanda qayd etilgan kasallik tarqalishi bilan bog‘liq dastlabki 174 holat haqidagi ma’lumotni JSSTga taqdim etmaganini ham ma’lum qilishdi.
Xitoy rasmiylari va olimlari ayrim ma’lumotlar tahlili hamda umumlashtirilgan ma’lumotlarni, shuningdek koronavirus paydo bulishidan bir necha oy avvalgi tibbiy yozishmalar tahlilini taqdim etgan xolos. Ushbu hisobot yordamida virus tarqalishiga doir ilk dalillarni topish mushkul.
Masalan, JSST eksperti, mikrobiolog Dominik Duayerning aytishicha, hatto, bu borada JSST vaXitoy ekspertlari o‘rtasida jiddiy bahs ham bo‘lib o‘tgan.
Xullas, JSST komissiyasi koronavirus Uxan laboratoriyasidan qochgani haqidagi munozaraga rasman yakun yasaganiga qaramay, natijadan to‘liq qoniqmaganini aytishga urinayotganini ilg‘ash mushkul emas. Masalan, Jorj Meyson universiteti tizimli biologiya maktabi professori Ancha Baranova mazkur tekshiruv zo‘r o‘tdi, deb bo‘lmasligini ta’kidlagan.
"Nimanidir aniqlash uchun, Uxanga JSST xodimlarini emas, balki detektivlar guruhini jo‘natish kerak edi", - deya qo‘shimcha qilgan Baranova.
Endi bu gaplar nimani anglatishi hususida turli fikr, faraz o‘rtaga chiqishi turgan gap. Xullas, koronavirus pandemiyasi kelib chiqishi bilan bog‘liq bahs-munozaraga JSST missiyasining Xitoyga, xususan Uxan shahriga qilgan safari ham uzil-kesil yakun yasolmaydigan ko‘rinadi. Qolaversa, hozir hamma uchun ofat kelib chiqishini aniqlash emas, balki virusni tezroq daf qilish uchun ommaviy emlash jarayoni haqidagi xabar muhim. Bu haqda keyinroq...
Saidmurod Rahimov, O‘zA