Xalq ta’limi vazirligining axboroti tinglandi
O‘zbekistonda aholi umumiy sonining 60 foizdan ortig‘i, ya’ni qariyb 18 millionini yoshlar tashkil etadi.
Shu bois mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berish, ular jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni yaratish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu maqsadlarga erishish va keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan mutlaqo yangi g‘oya o‘rtaga tashlandi.

Mazkur shior O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida alohida e’tirof etilib, uning asosida 2021 yilda yangidan quriladigan, ta’mirlanadigan va moddiy-texnika bazasi yaxshilanadigan maktablarga 2 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, yosh avlodning musiqa va san’at turlariga qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish, ularni xalqimiz an’analariga va milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashda maktablarda musiqa fanining o‘qitilishiga alohida e’tibor qaratilayotgani ahamiyatlidir.

Davlat dasturlari, me’yoriy-huquqiy hujjatlarda bu borada belgilangan vazifalarning ijrosini nazorat-tahlil shaklida o‘rganish, parlamentning tegishli taklif va tavsiyalarini ishlab chiqish maqsadida Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, ta’lim, madaniyat va sport qo‘mitasi hamkorligida Xalq ta’limi vazirligining xalq ta’limi tizimidagi ta’lim-muassasalarning moddiy-texnika ta’minotini mustahkamlash hamda maktablarda musiqa fanining o‘qitilishini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitishga bag‘ishlangan kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, oxirgi uch yilda 221 ming 149 o‘ringa mo‘ljallangan umumta’lim maktablari yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Joriy yilda respublika bo‘yicha 70 ming 165 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 215 ta maktab, shu jumladan, 13 ming 934 o‘ringa mo‘ljallangan 31 ta yangi, 56 ming 231 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 184 ta maktabni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Yangi o‘quv binolarini qurish orqali hozirgacha ikki va undan ortiq smenada olib borilayotgan dars jarayonini me’yoriy ko‘rsatkichlarga keltirilishi ko‘zda tutilgan. Uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilyapti.
Har yili davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda, shuning katta qismi aynan ta’lim tizimiga ajratilyapti. Hozirgi zamon talablari va mezonlari inobatga olingan holda ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularni rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashga alohida ahamiyat berilyapti.
Ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, partiya fraksiyasi a’zolari hamda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari sohadagi muammolar va kamchiliklarni muntazam o‘rganib, tahlil etib bormoqda, deputatlik va parlament nazorati kuchaytirilmoqda. Ammo sohada yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas.
Xususan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari joylarda maktablarning moddiy-texnik holatini yaxshilash, ta’lim muassasalarining joriy va mukammal ta’mirlanishiga ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va maqsadli sarflanishini nazorat qilishda parlament va mahalliy Kengash deputatlarining ishtiroki va rolini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.
Bundan tashqari, maktablarda o‘quv-tarbiya jarayonini davlat standartlariga muvofiq tashkil etish, bolalarning o‘zlashtirish darajasini oshirishga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda fraksiya a’zolari vazirlik tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil axborot so‘radi.
Qo‘shma yig‘ilishda “Adolat” SDP fraksiyasi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa fanini o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchi-yoshlarning musiqiy vodxonligini yuksaltirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi masalani muhokama markaziga qo‘ydi.
O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, respublikamizning deyarli barcha umumta’lim maktablarida musiqa fanini o‘qitish uchun musiqiy cholg‘u asboblari yetarli emas.
Mavjud musiqiy cholg‘ularning ham aksariyati eskirgan bo‘lib, amaliyotda foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bundan tashqari, musiqa fanini o‘qitishda darsliklar tanqisligi ham kuzatilmoqda. Mavjud darsliklar esa mazmunan sayoz bo‘lib, bugungi zamon talablariga javob bermaydi. Pedagog kadrlar masalasida olib borilgan o‘rganishlar natijasida ayrim hududlar, xususan, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida mutaxassislarning yetishmasligi aniqlangan.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari o‘z pozitsiyalarini bayon etish asnosida xalq ta’limi tizimidagi maktablarda musiqa fani mashg‘ulotlari talab darajasida olib borilmayotgani, musiqa fani bo‘yicha tajribali o‘qituvchilar yetishmasligi, aksariyat o‘qituvchilarda musiqa cholg‘ularini ijro etish ko‘nikmasi mavjud emasligi, o‘qitish uslubining eskirganligi singari masalalarga yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini qaratdi.
Nurillo Nasriyev,
O‘zA