Xalq ta’limi tizimida mukofot talashganlar
A.X. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tuman XTBga qarashli 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori bo‘lib ishlagan.
Egallab turgan lavozimiga ko‘ra mansabdor shaxs bo‘la turib, ushbu maktab tarix fani o‘qituvchisi Z.Q. bilan o‘rtalarida mukofot puli masalasida yuzaga kelgan nizo sababli undan o‘ch olishni maqsad qilgan.
Aniqlanishicha, ushbu maktab tuman markazidan olisda, tog‘li hududda joylashgan, qishloqda tarix fani mutaxassisi yo‘q, shuningdek Z.Q. pensiya yoshiga yetganligi sababli boshqa maktabdan ish ololmasligini bilgani holda kelgusida uni pora berishga majbur etadigan sharoitga qasddan tushirish maqsadida o‘zining 2021 yil 1 iyuldagi buyrug‘i bilan Z.Q. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi. 2021 yil 19 avgust kuni Oltinsoy tuman “Bo‘ston” mahallasida joylashgan Oltinsoy tuman xalq ta’limi bo‘limi ma’muriy binosi hovlisida ishga qayta tiklanishi masalasida murojaat qilgan sobiq tarix fani o‘qituvchisidan o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda ta’magarlik yo‘li bilan 300 AQSH dollarini pora tariqasida olib, qolgan 200 AQSH dollari va 400.000 so‘m pullarni tez kunlarda olib kelib berishni talab qilgan.
Z.Q. oilaviy sharoiti og‘irligi sababli pensiyaga chiqqan bo‘lsa-da yashash uyidan 50 km uzoqlikdagi tog‘li qishloqda, maktabda 2019 yil fevral oyidan buyon tarix fanidan o‘qituvchilik qilib, o‘sha qishloqda ijarada yashab kelgan. O‘quvchilari tuman olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun unga mukofot puli chiqqanida maktab direktori xonasiga chaqirib, mukofot pulining yarmini unga berishni talab qilganida rozi bo‘lmaganini bildirgan.
Shundan so‘ng direktorning unga bo‘lgan munosabati o‘zgarib, uni ishdan bo‘shatishga harakat qila boshlagan. Uni ishdan bo‘shatib, bu haqdagi buyruqni pochta orqali yashash uyiga jo‘natgan. Oilaviy sharoiti og‘irligi, oilasidagi 23 jon uning orqasidan kun kechirishini direktorga bildirib, qaytarib o‘z joyiga ishga olishini so‘ragan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Oltinsoy tuman bo‘limi va tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan Z.Q.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2021 yil 27 avgust kuni soat 12.40larda tuman “Bodihavo” qishlog‘ida joylashgan 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori A.X. o‘z xizmat xonasida Z.Q.dan talab qilgan 200 AQSH dollari va 400.000 so‘m pullarni pora tariqasida olganidan so‘ng xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Z.Q.ning yonida pullar va ovoz yozish uskunasi ham bo‘lgani bois, ushbu ta’magirlik ishi fosh etilgan.
Sudlanuvchi A.X. sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, jabrlanuvchi Z.Q. 3 yildan buyon maktabda tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelgani, u toifa atestatsiyasidan o‘ta olmagani uchun uni ishdan bo‘shatgani, maktabga yangi mutaxassis kelmagani uchun uni qaytarib ishga olmoqchi bo‘lgani, o‘sha vaqtda hashar yo‘li bilan qurilayotgan maktab qorovulxonasiga akfa eshik va deraza romlari qo‘yishga pul kerak bo‘lgani uchun o‘qituvchidan 300 AQSH dollari so‘raganini bildirgan.
Sud davlat ayblovchisining xulosasi, sudlanuvchining ko‘rsatmasi, uning himoyachisining himoya fikri, guvohlar ko‘rsatmalarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, sudlanuvchi A.X.ning aybi o‘zining qisman iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, sudda so‘ralgan guvohlarning ko‘rsatuvlari, ishida to‘plangan hujjatlari bilan va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topdi, deb hisoblaydi.
A.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan shu Kodeksning 45-moddasini qo‘llab, 3 (uch) yil muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
I.Abrayev,
Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha
Oltinsoy tuman sudi sudyasi.
O‘zA