Xalq tabobati markazi ochildi
Mamlakatimizda sharq tabobatining tarixiy an’analari va o‘ziga xos merosidan foydalangan holda kasallikni davolash, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2020-yil 10-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.

Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi O‘rta G‘irvon mahallasida barpo etilgan 80 o‘ringa mo‘ljallangan “Namangan sof tabobat” sog‘lomlashtirish markazi xalq tabobatiga asoslangan kasalliklarni davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tibbiy markazning ochilishida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev, Davlatobod tuman hokimi Anvarjon Tojimirzayev, sektorlar rahbarlari, shifokorlar, nuroniylar, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.. Tadbirda ta’kidlanganidek, xalq salomatligi va sog‘lom millat genofondi har bir davlatning muhim boyligi hisoblanadi. Ayni shu boisdan ham tibbiyot tizimida malakali kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga molik.


Salomatlik markazida qandli diabet, revmatizim, oshqozon-ichak, allergiya kabi 15 turdan ortiq surunkali kasalliklar O‘zbekiston Xalq tabobati akademiyasi a’zosi, yigirma yillik ish tajribasiga ega Alisher Usmonov boshchiligidagi tabiblar tomonidan dorivor damlamalar ko‘magida davolanadi.


Umumiy loyiha qiymati 6 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur markaz 27 xonadan iborat bo‘lib, unda inson tanasini turli chiqindi hamda parazitlardan tozalash, fizioterapiya muolajalar va zararlantirish, mo‘tadil parhez, suyak va bo‘g‘imlar, umurtqa pog‘onalarni o‘rniga solish, aniterapiya, gurugotterapiya, shifobaxsh vanna va masaj uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, o‘zimizda yetishtililgan giyohlarning 70 dan ziyod tabiiy dori vositalari sog‘lomlashtirish markazida tayyorlanmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri