Xalq qabulxonasi aralashgach
Urgut tuman Qayroqli mahallasida yashovchi D.Kamolova 2021 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, oilaviy sharoiti og‘irligi sababli yurak porogi bilan tug‘ilgan qizining jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasiga yo‘naltirildi va tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan qizaloq davolanishi uchun akademik V.Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markaziga yo‘llanma berildi. Bemor uchun 30 million so‘m mablag‘ ajratildi va may oyida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, qizaloqning salomatligi tiklandi.
Urgut tuman Mirzaqishloq mahallasida yashovchi fuqaro H.Hafizov Yangiariq kanali ustidan o‘tgan, Jo‘raptepa va Mirzoqishloq mahallalarini bog‘lab turgan ko‘prikni yangidan qurib berishni so‘rab Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edi. Mazkur murojaat ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgach, ko‘prikni yangidan qurish uchun 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, ish boshlandi. Yaqin orada qurilish ishlari yakuniga yetkaziladi.
– O‘tgan yil davomida bizga 2250 ta masala yuzasidan 1813 ta murojaat kelib tushdi, – deydi Urgut tumani Xalq qabulxonasi mudiri Abduaziz Xudoyberdiyev. – Bu masalalarning 1507 tasi ijobiy hal etilib, 480 tasi yuzasidan murojaatchilarga huquqiy ma’lumot berildi, 12 tasi rad etildi. 2020 yilga nisbatan murojaatlar 342 taga ko‘paydi. Bu aholining Xalq qabulxonasiga ishonchi oshib borayotganidan darak beradi. Qolaversa, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari bilan birgalikda qabulxonaning o‘zida va joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar ham murojaatlar ko‘payishiga asos bo‘ldi. Odamlar hozir qaysi masalada kimga murojaat qilish kerakligini yaxshi biladi, qolaversa, arzimagan muammolar yuzasidan hokimlik va boshqa idoralar eshigiga bosh urib bormaydi. Qachonki, duch kelgan muammosiga yechim topolmasa, sansalorlik va o‘zibo‘larchilikka uchrasagina yuqori idoralardan yordam so‘rab boradi. Xalq qabulxonalariga keluvchilarning aksariyati ham aynan ana shunday holatlarni boshidan kechirgan bo‘ladi. Biz esa mutasaddi tashkilotlarni jalb etgan holda, imkon qadar ularning muammolarini ijobiy hal etish choralarini ko‘ramiz. Bu yil mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilindi. Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar ham avvalo inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Tabiiyki, bu biz – Xalq qabulxonalari mas’ullari zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshiradi.
G‘.HASANOV, O‘zA