Xalq qabulxonalari xalqchil institutga aylanmoqda
bugungi kunda mamlakatimizda 208 ta Prezident Xalq qabulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq qabulxonalari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishda ularga eng yaqin, xalqchil demokratik institut hisoblanadi. Shu bois har bir jismoniy va yuridik shaxsning murojaati mazkur tashkilot tomonidan har tomonlama chuqur tahlil etilgan holda o‘rganib chiqiladi.
Buni biz Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi Xalq qabulxonasi faoliyati misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi Xalq qabulxonasi mas’ul xodimi Baxtiyor Mirobidov bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar haqida bizga quyidagilarni gapirib berdi.
–Qabulxonamizga joriy yilning shu kuniga qadar 385 nafardan ortiq fuqarodan 400 ga yaqin masala yuzasidan murojaatlar kelib tushgan, –dedi B.Mirobidov. – Ko‘rib chiqilgan murojaatlar asosan huquqiy ma’lumot berish orqali hal etilgan, ayrim murojaatlarga tegishli tushuntirish berilgan. Qanoatlantirilgan murojaatlarning aksariyati moddiy yordam va ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolardan kelib tushgan.
Shayxontohur tumani “Yangi Beltepa” MFY hududida yashovchi Gulnora Sapayeva oylaviy sharoiti og‘irligini, moddiy jihatdan qiynalib qolganligini, moddiy yordamga muhtojligini bildirib, yig‘ilib qolgan kommunal qarzdorliklarini so‘ndirish masalasi va farzandiga dori-darmon uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Xalq qabulxonasi mas’ullari tuman bosh imom -xatibi bilan birgalikda masalani joyiga chiqib o‘rganib, fuqaroga mavjud kommunal qarzdorliklarni so‘ndirish uchun 1,5 million so‘m, farzandiga dori-darmon uchun 1 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.
“Yangi Beltepa” MFY hududida yashovchi yana bir fuqaro Gulbahor Aliyeva 7 oylik chaqalog‘ining boshiga qon quyilishi natijasida bosh suyak qismi ochilib, operatsiya qilinganligi, hozirgi vaqtda bolaning ovqati uchun qiynalayotganini aytib, qabulxonaga murojaat qildi. Ushbu masala ham joyiga chiqib o‘rganilib, fuqaroga bolaning ovqati uchun 1 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, “Katta Jarariq” MFYda yashovchi Zahro Xalilova 5 nafar farzandi borligi, yolg‘iz boquvchi ekanligini aytib, 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Sardor Mirtoirovni bog‘chaga berish uchun navbatga qo‘yganligi, biroq hozirgi kunga qadar masala ijobiy hal etilmasdan kelinayotganligi yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Ushbu murojaat xodimlarimiz tomonidan tezkorlik bilan o‘rganib chiqildi va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi orqali tumandagi 171-sonli MTTga yo‘llanma berilib, fuqaroning murojaati to‘liq qanoatlantirildi.
“Jangoh” MFY Jangoh mavzeysida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan Fayozjon Narziyev murojaat qilib, 25 yildan buyon yuqoridagi qavatda yashashligi, 12-uyning 4-yo‘lagidagi lift eskirib, nosoz holga kelganligi, ushbu yo‘lakda yashovchi aholi orasida keksa va nogiron fuqarolar borligini, ular o‘zlarining uylariga kirib -chiqishga qiynalayotganini, ushbu uyda yashovchi aholi va o‘zi nomidan yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan lift yangi zamonaviy liftga almashtirib berilishini bildirib, murojaat qilgan. Ushbu murojaat ham Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari tomonidan tezkorlik bilan o‘rganib chiqildi va tuman hokimligi bilan birgalikda yangi lift olib kelinib o‘rnatilib, ushbu uyda yashovchi aholining ko‘p yillik muammosi ijobiy hal etildi.
Murojaatlarni har tomonlama chuqur tahlil etgan holda o‘rganishimiz jarayonida shuni ko‘ramizki, muammolar dastlabki bosqichlarda o‘z vaqtida, joyida hal qilinmagan. Fuqarolar murojaati qanoatlantirilish o‘rniga paysalga solinib kelingan, shuningdek, rahbar xodimlarning mas’uliyatsizligi sababli fuqarolar Xalq qabulxonalariga murojaat qilmoqda.
Davlat boshqaruvining samaradorligi davlat xizmatida o‘tirgan shaxslarning o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni malakali, vijdonan va xolis bajarishiga bevosita bog‘liqdir. Ayrim holatlarda ba’zi bir mahalliy darajadagi rahbar kadrlar hali-hanuz eskicha boshqaruv usullari va yondashuvlardan voz kecha olmayapti. Bu esa ijro organlari rahbarlari ishiga baho berishda Xalq qabulxonalari va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining o‘rni va roli yanada oshirilishini talab etmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA