Xalet Nadeyem: Saylovda odamlar juda faol
Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bu safar har qachongidan ham ko‘proq kuzatuvchilar ishtirok etmoqda. Pokistonlik tadbirkor Xaled Nadeyem ulardan biri.
Xorijlik mehmonning O‘zbekiston, mamlakatimizdagi saylov jarayonlari xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- O‘zbekistondagi Prezident saylovida kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etish men uchun katta sharafdir,- dedi Xaled Nadeyem. – Biz kun davomida bir qator saylov uchastkalarida bo‘ldik. Odamlarning faolligi, saylovda o‘zi munosib, deb topgan nomzod uchun erta tongdanoq kelayotganiga guvoh bo‘ldim.
Saylov jarayoniga oid barcha ishlar yuksak saviyada, shaffof, haqqoniy, ochiq va oshkora tarzda bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerda odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan biror jihatga ko‘zim tushmadi. Saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlar xalqaro talablarga to‘liq javob beradi
Aslida, biznes sohasida faoliyat ko‘rsataman. Shu sababli O‘zbekistonga tez-tez kelib turaman. Hozir yurtingizda biznes uchun juda qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Konvertatsiya masalasi to‘liq hal etildi. Byurokratik to‘siqlar olib tashlandi. Tegishli tashkilotlar muammolarning yuzaga kelishiga emas, balki samarali va tezkor hal etilishiga astoydil ko‘maklashmoqda.
Salmoqli miqdorda sarmoya kiritib, Sirdaryoda farmatsevtika zavodini qurdik. U yerda hozir 150 nafar odamning mehnat bandligi ta’minlangan. Ilgari chetdan keltirilgan dori-darmonlar endilikda shu zavodning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Yangilanib borayotgan O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni bugun butun jahon ko‘rib, bilib turibdi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.