“WikiAyollar” onlayn tanlovini o‘tkazishdan maqsad nima?
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan xotin-qizlarning bilim va savodxonligini oshirishga qaratilgan “WikiAyollar” onlayn tanloviga start berildi. “WikiMarafon” va “Qizlar Akademiyasi” loyihalari hamkorligida o‘tkaziladigan “WikiAyollar” tanlovi o‘zbekcha vikipediyada ayollar bilan bog‘liq mavzularni, xususan, ayollarning huquqlari, jamiyatdagi o‘rni hamda faoliyatini yoritishga qaratilgan ijtimoiy loyiha hisoblanadi.
Tanlovning keyingi bosqichlari va imkoniyatlari xususida “WikiMarafon” loyihasi rahbari Shohjaxon Sobirov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Tanlov o‘z faoliyatini “WikiMarafon” jamoasi va “Qizlar Akademiyasi”, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida olib boradi. Tanlovning maqsad va vazifalari shundan iboratki, xotin-qizlarning raqamli platformalardagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni loyiha doirasida rag‘batlantirish, axborot bilan ishlash va ishonchli manbalardan foydalanish madaniyatini rivojlantirish, xotin-qizlarning intellektual salohiyatini namoyon etish va ularning jamiyatdagi faolligini oshirishdan iborat.
Tanlov orqali xotin-qizlarning axborot bilan ishlash madaniyati yuksalishiga, ishonchli manbalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga, ayollar haqidagi bilimlarni ko‘paytirish va ommalashtirishdagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ularning jamiyatning turli sohalaridagi yutuqlarini keng targ‘ib etishga ko‘maklashadi.
Shu bilan birga, tanlovni tashkil etish orqali xotin-qizlarning ilm-fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalardagi o‘rni hamda yutuqlari haqida keng jamoatchilikning xabardorligini oshirish, ularning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini keng targ‘ib etiladi.
Jamiyatda gender tengligi, xotin-qizlarning imkoniyatlari va yutuqlarini e’tirof etishga xizmat qiluvchi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, o‘zbekcha vikipediya orqali ishonchli va xolis ma’lumotlar ommalashtiriladi.
Tanlov bir bosqichda, onlayn shaklda tashkil etilmoqda. Loyiha doirasidagi tanlov 22-avgustgacha davom etib, natijalar 25-avgustgacha e’lon qilinadi.
Mazkur tanlov yakka tartibdagi musobaqa bo‘lib, unda qatnashish uchun talabgorlar @WikiTanlov_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Telegram bot orqali belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tilgandan so‘ng, belgilangan kunda 30 ta testni yechishlari lozim. Testlar o‘zbekcha vikipediyada mavjud bo‘lib, ayollarga oid maqolalar va “Qizlar Akademiyasi” platformasidagi “Moliyaviy savodxonlik”, “Fashion”, “Tadqiqot asoslari” kurslari yuzasidan tuziladi. Test sinovi 23-avgust sanasida bo‘lib o‘tadi. Har bir test savoli uchun 1 daqiqa vaqt beriladi.
Ishtirokchilar testda qatnashish uchun @WikiTanlov_botga maxsus havola orqali 3 nafar do‘stini taklifi qilishi va “Qizlar Akademiyasi” platformasida olgan sertifikatini yuklashi lozim.
Telegram bot orqali belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar bot taqdim qiladigan maxsus havolani do‘stlariga ulashish orqali tanlov targ‘iboti bo‘yicha maxsus tanlovda qatnashishi mumkin. Ishtirokchilarga har bir taklif qilgan do‘sti uchun 1 referal ball beriladi.
Tanlovning test natijalari bo‘yicha ishtirokchilarning natijalari teng kelib qolgan taqdirda, testni bajarib bo‘lgan vaqtga qaraladi. Qo‘shimcha natijalari yuqori bo‘lgan ishtirokchiga ustunlik beriladi. Natijalar 3 kun muddat ichida ishtirokchilarga ma’lum qilinadi.
Tanlovda yuqori o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Barcha ishtirokchilar esa natijasidan qat’i nazar elektron sertifikat bilan taqdirlanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA