WAKO Jahon kubogi Toshkentda o‘tadi
Butunjahon kikboksing tashkilotlari assosiatsiyasi (WAKO) 2026 yil davomida o‘tkaziladigan eng nufuzli xalqaro musobaqalarning rasmiy taqvimini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, joriy mavsumda kikboksing bo‘yicha xalqaro turnirlar, milliy chempionatlar, Jahon kubogi bosqichlari hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati dunyoning turli mamlakatlarida tashkil etiladi. Mazkur musobaqalar sportchilar uchun xalqaro tajriba orttirish, reyting ochkolarini jamg‘arish hamda mavsumning asosiy startlariga tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu musobaqalar orasida WAKO Jahon kubogi bosqichlari dunyo kikboksingchilari o‘rtasida alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, mazkur kubok bellashuvlarining biri O‘zbekistonga ishonib topshirilgani mamlakatimizda kikboksing sport turiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol ifodasidir. Aniqroq aytganda, joriy yilning 6–11 oktyabr kunlari WAKO World Cup musobaqasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Quyida WAKO Jahon kubogi bosqichlari bo‘lib o‘tadigan sanalar va mezbon mamlakatlar keltiriladi:
10–15 mart — Italiya;
7–12 aprel — Tailand;
13–17 may — Turkiya;
27–30 avgust — Vengriya.
Shuningdek, 18–27 sentyabr kunlari Italiyada bolalar, kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati o‘tkaziladi. Mazkur musobaqada mamlakatimizning yosh kikboksingchilari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA