Voyaga yetmagan shaxslarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Voyaga yetmagan shaxslarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
O‘quvchining doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgani sababli uni ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
Qarorga muvofiq, ikki oy muddatda ma’muriy reglamentlarga muvofiq davlat xizmatlarining YAIDXP orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.
YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.
Vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ularning faoliyati bo‘yicha, shu jumladan, YAIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Ma’muriy reglamentlar talablarini buzganlik uchun vakolatli organlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanadi.
Mazkur Ma’muriy reglament voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 28-moddasiga asosan o‘n olti yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.
Ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekistan Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi ijtimoiy xodim orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.
O‘zA