Volontyorlar akademiyasiga asos solindi
Mazkur akademiya tajriba almashish, yosh liderlarni tayyorlash va qo‘shma xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platformaga aylanadi.
Shu kunlarda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli rag‘batlantiruvchi, intellektual va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab ilk bor yirik qamrovdagi “Tashabbuslar marafoni” o‘tkazilmoqda.
Mazkur marafon yoshlar uchun ilm-fan, zamonaviy ko‘nikmalar, netvorking, istiqbolli startap loyihalarni rivojlantirish va grantlar imkoniyatini yagona maydonda jamlagan yirik platforma hisoblanadi. Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi 20 dan ortiq istiqbolli loyihalar orqali yoshlarga bevosita taqdim etilayotgan ushbu marafon o‘z g‘oyasiga ega yoshlar uchun haqiqiy imkoniyatlar eshigini ochadi.


“Tashabbuslar marafoni” doirasida “Chegaralarsiz volontyorlik: tajriba, hamkorlik va yangi tashabbuslar” mavzusida xalqaro muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Rossiya va Turkiya vakillari xalqaro ekspert sifatida qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy natijasi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Volontyorlar akademiyasining rasman ishga tushirilishi hamda mintaqaviy volontyorlik harakatini rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratgan hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi.

Muloqot davomida ishtirokchilar inklyuziv, ekologik va korporativ volontyorlik yo‘nalishlaridagi ilg‘or tajribalar hamda yangi tashabbuslarni taqdim etdi.

Mazkur tashabbus mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va volontyorlik madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA