Vodiylik o‘qituvchilar Samarqanddagi maktablarda dars beradi
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Farg‘onada bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Samarqand viloyatining olis hududlaridagi malakali o‘qituvchilarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan maktablarga oliy va birinchi toifali pedagoglarni jalb qilish, bu borada boshqarmaga murojaat qilgan o‘qituvchilar bilan shartnoma imzolash maqsadida tashkil qilingan tadbirda Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridan o‘qituvchi-pedagoglar qatnashdi.
Mamlakatimizda olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar mehnatini yanada rag‘batlantirish, bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish hamda joylarda malakali kadrlarning mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bir qator imtiyozlar belgilandi. Xususan, ishlovchilarga boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi hamda uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llaniladi. Shuningdek, ish haqiga qo‘shimcha ustamalar berish yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand viloyatining olis hududlaridagi umumta’lim maktablarida ayrrim fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarga ehtiyoj katta. Shu bois ham malakali mutaxassislarni ta’lim maskanlariga jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligining xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Albert Hasanov, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva, Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ozodaxon Rahmonova bu borada yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Suhbat jarayonida olis hududga borib ishlash istagidagi o‘qituvchilarning savollariga mutasaddilar batafsil javob berdi.
Yarmarka davomida murojaat qilgan 71 nafar pedagogdan malaka toifasi va salohiyati inobatga olinib, 51 nafar talabgor bilan Samarqand viloyatidagi Nurobod, Qo‘shrabot hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlarining olis va "qizil" toifadagi maktablarida ishlash uchun shartnomalar tuzildi. Ularning 22 nafari oliy toifali, 29 nafari birinchi toifali ingliz tili, ona tili va adabiyot, biologiya va kimyo hamda matematika va fizika fanlari o‘qituvchilaridir.
M. Sulaymonov, O‘zA