Vobkentlik g‘allakorlar viloyatda birinchi
Bu yil Buxoro viloyati Vobkent tumanida g‘allachilik tarmog‘idagi 338 ta fermer xo‘jaligidagi 6 ming 661 gektar maydonda bug‘doyning “Alekseyevich”, “Vassa”, “Bobur”, “Ahmad” kabi serhosil navlari ekilib, parvarishlandi.
Ayni yoz mavsumida hosilni tez va sifatli yig‘ib olish ishlari ham uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Tumanda 27 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etildi. Har bir otryadga yuqori unumli kombayn biriktirildi. Ularning ish unumdorligini oshirish maqsadida dalaning o‘zida servis xizmati, yoqilg‘i-moylash materiallari ta’minoti uzluksiz tashkil etildi. Buning natijasida har bir otryad tomonidan bir kunda o‘rtacha 1100 tonna yerdagi g‘alla o‘rib-yig‘ib olinib, qabul maskanlariga yetkazildi.

Davlat rahbari boshchiligida qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar, g‘alla yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalardan unumli foydalanish, sohada moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, shu bilan birga yerga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarganligi dalalarda mo‘l hosil yetishtirishga zamin yaratdi.

O‘rim-yig‘imning 20 ish kunida har gektar maydondan olingan hosildorlik salmog‘i 70 sentnerni tashkil etdi. Qabul maskanlariga 19 ming 966 tonna o‘rniga 20 ming tonnadan ortiq bug‘doy yetkazib berildi. Bunday yutuqqa erishishda tumandagi peshqadam fermer xo‘jaliklarining hissasi salmoqli bo‘ldi. Peshqadam fermer xo‘jaliklarda har gektar g‘alla maydonidan 85 sentnergacha hosil olindi.
Reja bajarildi, dalada esa hosil mo‘l. Hozirda o‘rim-yig‘im yakunida tumanning yalpi g‘alla xirmonini 50 ming tonnadan oshirish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.