Viloyat hokimi tomorqa egasini taqdirladi
Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov Qorakoʻl tumanida boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan qishloq xoʻjaligi tadbirlari bilan tanishdi.
Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov Qorakoʻl tumanida boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan qishloq xoʻjaligi tadbirlari bilan tanishdi.
Joriy yil tumanda 224 ta fermer xoʻjaliklari 10 ming 400 gektar maydonga chigit ekib, 29 ming 172 tonna paxta hosilini olishdek ulkan maqsad koʻzlanmoqda.
Viloyat rahbari tumandagi “Ziyorat”, “Mallaishayx”, “Qorakoʻl”, “Jigʻachi” hududlarida 2020-yilgi paxta mavsumi uchun chigit ekiladigan maydonlarda olib borilayotgan agrotexnik tadbirlarning holatini koʻzdan kechirdi. Agrar sohada bahorning har bir kunini gʻanimat bilib, omilkor dehqonlarimiz qanday yumushlarni bajarishi zarurligi borasida mutasaddilarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berdi. Xususan, yerlarni oʻz vaqtida ekishga tayyorlash, chigit ekish boʻyicha belgilangan grafikda ishlarni jadallashtirish kerakligi taʼkidlandi. Tabiat injiqliklari bilan kurashlarda toblangan tajribali dehqonlarimiz vujudga kelgan vaziyatni tugʻri qabul qilgan holda, oʻtayotgan har bir kunni qadrlab, undan unumli foydalanishlariga ishonch bildirdi.
Tumanda 28 ming 413 nafar dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egasi 4958 gektar unumdor ekin maydonida mehnat qilmoqda.
K.Kamolov aholi tomorqalaridan unumli foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan targʻibot tadbirlari va ularning natijadorligi bilan ham tanishdi. “Jigʻachi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Abdullo Razzoqov xonadonida ham boʻldi.
Oila vakillari oʻz tomorqasidan unumli foydalanib bir yilda uch marta hosil olishni yoʻlga qoʻyganligiga guvoh boʻldi. Tomorqada ekilgan toʻqsonbosti va sabzavot ekinlari holatini koʻrdi. Toʻqsonbosti va ertagi ekinlardan boʻshaydigan tomorqa yerlariga may-iyun oylarida takroriy sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa ozuqa ekinlarini ekishni maqsad qilgan tomorqa egasining mehnatini taqdirladi. Ishlarini ommalashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.