Viloyat hokimi oʻqituvchining murojaatini hal etdi...
Turmush oʻrtogʻim turli musiqa asboblarini sifatli taʼmirlaydi.
Qumqoʻrgʻon tumanida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri Gʻolibsher Ziyoyev xususiy sektor vakillari uchun sayyor qabul oʻtkazdi.

Bosh vazirning viloyat, shahar, tuman qabulxonalari mudirlari, hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar, idoralar, tijorat banklari rahbarlari hamda viloyatdagi tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etgan tadbirda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Oʻtgan yilning oʻzida mamlakatimiz boʻyicha tadbirkorlarning 40 mingdan ortiq murojaatlari oʻrganilib, ular oʻrtaga tashlagan masalalarning aksariyati tezkorlik bilan yechimini topgani qayd etildi.

Qumqoʻrgʻon tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda tadbirkorlar asosan yer maydonlari ajratish, tijorat bankidan kredit mablagʻi olish, chorvachilikni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kredit asosida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, hududning yangi bosh loyihasiga muvofiq buzilgan inshootlari bilan bogʻliq muammolar va boshqa masalalarda murojaat etdi.

– Tumandagi 11-bolalar musiqa va sanʼat maktabida yoshlarga saboq berib kelayotganimizga qariyb 30 yil boʻldi, – deydi Qumqoʻrgʻon tumani Doʻstlik mahallasida yashovchi Nazokat Rahmonova. – Turmush oʻrtogʻim turli musiqa asboblarini sifatli taʼmirlaydi. Ayrimlarini oʻzi ham yasaydi. Mahallamiz hududida qarovsiz yotgan yer bor. Biz ana shu yerda musiqa asboblarini sotish, taʼmirlash va kelajakda yasaydigan bino qurib, oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanishni maqsad qilganmiz. Lekin, yer maydonini ajratish paysalga solinayotgan edi. Ushbu sayyor qabulda bu fikrimni aytgan edim, mutasaddilarga shu yerni qonuniy tartibda ajratib berish vazifasi topshirildi. Bizga esa yengil konstruksiyali bino barpo etish tavsiya etildi. Bundan juda xursand boʻldik.

Sayyor qabulda tadbirkorlarning 75 ta murojaati tinglanib, ular tomonidan koʻtarilgan masalalarning aksariyati joyida hal etildi. Ayrim tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar berilib, vakolatli organlarga yuborildi va tegishli tartibda nazoratga olindi. Bitta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi bilan Maktabgacha taʼlim vazirligi oʻrtasida shartnoma tuzish bilan bogʻliq masala poytaxtda koʻrib chiqiladigan boʻldi.