Viloyat hokimi 101 yoshli momoni yo‘qlab bordi
Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lgan 101 yoshli Yanglish aya Haqqulova xonadonida bo‘ldi.
Har yili Mustaqillik bayrami arafasida ko‘plab yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ladi. Ularning orasida 100 yoshdan oshgan nuroniylarning ham bo‘lishida juda katta ma’no bor. Negaki, ular bugungi tinch va dorilamon kunlar qadri va shukronasini hammadan ham ko‘proq his etadi.
Prezidentimiz farmoni bilan mukofotlanganlar orasida xovoslik 101 yoshli Yanglish aya Haqqulova ham bor.
11 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan, hozirgi kunda 53 nafar nevara va 72 chevaraning suyukli buvisi Ya.Haqqulova Ikkinchi Jahon urushidan keyingi yillarda cho‘l hududini o‘zlashtirishda fidokorona xizmat qilgan. bugungi kunda esa yosh avlodni milliy qadriyatlar va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida o‘rnak ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyat hokimi tuman faollari hamrohligida onaxon umrguzaronlik qilayotgan xonadonda bo‘lib, davlatimiz rahbari nomidan "Shuhrat" medali va bayram tuhfalarini topshirdi.
Dorilamon kunlar shukronasi, yurtimiz, viloyatimizdagi yuksak o‘zgarishlar haqida suhbatlashildi. Tinchlik va osoyishtalik so‘rab duolar qilindi.
Sh.Suyarov, O‘zA