Viloyat boʻylab 102 kilometr
Shundan soʻng avtokarvon Namangan shahri koʻchalari boʻylab aylanib, Chortoq tumani sari yoʻlga tushdi.
Namangan viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 28 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbirlar har safargidan oʻzgacha yondashuv asosida oʻtkazilayotgani bayramning yanada ommaviyligi, xalqchilligi, eng muhimi, targʻibot samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi joylashgan koʻcha bugun erta tongdan odatdagidan tashqari gavjum, bayramona manzara kasb etdi. Koʻchaning bir tomonida davlatimiz hamda “Vatanparvar” tashkiloti bayroqlari oʻrnatilgan, maxsus logotiplari eʼtiborni tortadigan yigirmadan ziyod bir xil – oppoq rangdagi “Neksiya” mashinalari harbiycha tartibda tizilib turgan boʻlsa, ikkinchi tomonida mazkur koʻz quvnatar manzaradan zavq olib, bayram tadbiri boshlanishini sabrsizlik bilan kutayotgan harbiylar, yoshlar, nuroniylar, muxtasar aytganda, aholi va jamoatchilik vakillari. Oʻzaro salomlashish asnosida hamma bir-birini Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklayotgani bu sana nafaqat harbiylar, balki tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylanib borayotganligini koʻrsatib, dillarga surur bagʻishlaydi.
Milliy beqasam toʻn kiygan sanʼatkorlar karnay, surnay va doirada chorlov ohangini chalib, bayram tadbiri boshlanayotganligidan ogoh etdi. “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi Ahmadjon Alaxodjayev, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi faxriylar kengashi raisi polkovnik Hasanboy Xidirov tomonidan tilangan “oq yoʻl” bilan “Vatanparvarlar avtokarvoni” yoʻlga chiqdi.
“Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tomonidan viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi va mahalliy hokimliklar hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur aksiya dasturi va maxsus belgilangan marshrutga muvofiq, avtokarvon kun davomida Namangan shahri, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy tumanlari koʻchalari boʻylab 102 kilometr masofani kezib chiqishi kerak.

– Bu avtoyurishning oldiga qoʻyilgan maqsad yurtdoshlarimizni Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan oʻziga xos tarzda muborakbod etish, yoshlar qalbida harbiylikka havas uygʻotish, tinchlik-osoyishtalik qadri va uning omillari, vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga hissa qoʻshishdir, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi Ahmadjon Alaxodjayev. – Bundan tashqari, viloyat boʻyicha xizmat burchini oʻtayotgan chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar xodimlaridan 29 nafarining oila aʼzolari Chortoq, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy tumanlarida oʻtadigan tadbirlarga taklif etilgan. Ularga sovgʻa-salomlar bilan eʼtibor koʻrsatish, xususan, farzandlari qalbida otalarining jasoratlari uchun gʻurur-iftixor tuygʻusini kuchaytirish maqsadidagi yoʻqlov tadbirlari ham koʻzda tutilgan.
“Vatanparvarlar avtokarvoni” dastlab viloyat markazidagi Xotira xiyobonida toʻxtadi. Bu yerda tashkilot jamoasi, harbiy faxriylar, hamkor tashkilotlar tomonidan “Motamsaro ona” yodgorligi poyiga gullar qoʻyilib, el-yurt tinchligi yoʻlida shahid ketgan oʻgʻlonlar xotirasiga ehtirom koʻrsatildi.
Shundan soʻng avtokarvon Namangan shahri koʻchalari boʻylab aylanib, Chortoq tumani sari yoʻlga tushdi.
Avtokarvon Chortoq tibbiyot kollejida tuman hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, yoshlar va nuroniylar vakillari tomonidan karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Kollej marosimlar zalida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirni maxsus tiktirilgan harbiy liboslar kiygan jajji Vatan himoyachilari – tumandagi 17-maktabgacha taʼlim tashkilotining tarbiyalanuvchilari vatanparvarlik mavzusidagi kuy-qoʻshiqlar bilan boshlab berdi:
“Kim yurtiga sodiq boʻlsa – mendirman oʻshal,
Kim yurtidan yovni quvsa – mendirman oʻshal”

Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning mazkur qoʻshigʻi bolajonlar ijrosida shunday jarangladi-ki, zalda oʻtirgan tomoshabinlarning koʻziga yosh qalqidi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz taraqqiyot yoʻlidan barqaror borayotgani, xalqimiz hayot farovonligi tobora oʻsayotgani, xususan, yoshlar kamoloti yoʻlida yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida soʻz yuritib, bunda eng muhim omil – tinchlik-osoyishtalik ekani hamda bu borada Vatanimiz sarhadlarini, musaffo osmonimizni tunu kun qoʻriqlayotgan Qurolli Kuchlarimizning ahamiyati taʼkidlandi.
Bu yerga taklif etilgan el-yurt tinchligi yoʻlida jonini fido qilgan harbiylar va ichki ishlar xodimlarining yaqinlari, farzandlariga “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashining sovgʻalari topshirildi.
Kollej hovlisida tuman oʻquv-texnika sport klubi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmalar, harbiylar va sportchilarning koʻrgazmali chiqishlari “Vatanparvarlar avtokarvoni” aksiyasiga amaliy ahamiyati bilan yanada mazmundorlik bagʻishladi.
Shundan tadbirlar Yangiqoʻrgʻon va Kosonsoy tumanlari madaniyat markazlarida ham boʻlib oʻtdi.