Vetnam parlamenti To Lamni prezidentlikka sayladi
Vetnam parlamenti - Milliy Assambleya Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi To Lamni bir ovozdan prezident etib sayladi.
Milliy assambleyaning barcha 495 a’zosi To Lam nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
“VN Express” axborot veb-saytiga ko‘ra, Bosh kotibning 2031-yilgacha muddat uchun oliy vakolati yakdil ma’qullangan.
Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan 14-Milliy Kongressda Lam partiya rahbari etib qayta saylangan edi.
Zamonaviy Vetnam tarixiga 15-prezident sifatida kirgan To Lam 2024-yil 21-oktabrdan buyon shu vazifani bajarib kelgan Luong Kuong o‘rnini egalladi.
Ushbu mamlakatda MQ Bosh kotibi eng yuqori, prezidentlik esa ikkinchi lavozim hisoblanadi.
G.Sattorova, O‘zA