“Veon” kompaniyasi bilan hamkorlik rivojlanadi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Veon” kompaniyalar guruhi bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu bilan uchrashdi.
Serbiyaning sobiq prezidenti Boris Tadich ham ishtirok etgan yig‘ilishda vazir telekommunikatsiya xizmati ko‘rsatish bozorini yanada kengaytirish, sohaga investitsiya jalb qilish, xususan, mobil aloqa kompaniyalari samarali faoliyatini ta’minlash uchun yurtimizda keng imkoniyat yaratilganini ta’kidladi. Davlat rahbari tomonidan vazirlik oldiga O‘zbekistonni mintaqaviy axborot texnologiyalari markaziga aylantirish, joriy yil oxirigacha IT mahsulotlari va xizmatlari eksportini 100 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganiga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv chog‘ida axborot texnologiyalari va eng yangi mobil texnologiyalarni joriy etish va kelgusida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
bugungi kunda O‘zbekistonda “Veon” kompaniyalar guruhi ishtirokida uskunalarni modernizatsiya qilish va foydalanuvchi uchun qulaylik yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tomonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligini e’tirof etib, bu boradagi sa’y-harakatlarni safarbar etish zarurligini ma’qulladi.

Mahalliy yoshlarni ishga joylashtirish orqali biznes va bilim jarayoni autsorsingi xizmatini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirilishida “Veon” kompaniyasining bevosita ishtiroki masalasi ham muhokama qilindi.
Muloqotda ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, AKT yo‘nalishida keng qamrovli hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
O‘zA