Venesuelada dahshatli zilzila yuz berdi
Venesuelada 39 soniya oralig‘ida sodir bo‘lgan 7,2 va 7,5 magnitudali ikki kuchli zilzila oqibatida beqiyos vayrongarchilik kuzatildi. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinib, qutqaruv ishlari davom etyapti.
Mamlakat so‘nggi yuz yillikdagi eng kuchli va vayronkor tabiiy ofatga duch keldi. 24-iyun kuni Venesuela hududida ikki marta ketma-ket dahshatli yer silkinishi qayd etildi. Yer osti hodisasi oqibatida poytaxt Karakas va ushbu shaharga yaqin yirik aholi manzillarida ko‘plab turar joy hamda ma’muriy binolar qulab tushgan. Rasmiylar qurbonlar va jabrlanganlarning aniq sonini hali e’lon qilmagan bo‘lsa-da, vayrona ostida minglab odam qolayotgani sababli halok bo‘lganlar 10 mingdan 100 ming kishigacha yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Yuzaga kelgan mash’um holat tufayli Venesuela Prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakatda zudlik bilan favqulodda holat tartibini joriy etdi. Hozir Karakas xalqaro aeroporti yopilgan, metro va temir yo‘l transporti harakati butunlay to‘xtatilgan. Hukumat rahbari aholini vahimaga berilmaslik, shikastlangan xavfli inshootlardan uzoqroq turishga chaqirdi. Seysmologlar ushbu ofatni mamlakat tarixidagi eng dahshatli zilzilalardan biri sifatida baholamoqda. Mahalliy aholi bu voqeani 200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan, ayniqsa Palos Grande va Altamira tumanlarini vayron qilgan 1967-yildagi kuchli zilzila bilan qiyoslamoqda. Vayronalar orasida qutqaruv ishlari davom etmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA