Velosipedda harakatlanish qoidalarini bilasizmi?
Yo‘l harakati ishtirokchilari orasida nafaqat avtotransport vositalari va piyodalar, balki velosipedda harakatlanuvchilar ham bor.
Shu paytgacha yurtimizda yo‘llar, piyodalar yo‘laklari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda velosiped yo‘lakchalari ham paydo bo‘lmoqda. Bunday yo‘lakchalar borligi velosipedni istagancha boshqarish mumkin, degani emas. Chunki velosipedda harakatlanishning ham o‘ziga yarasha qoidalari bor. Bu qanday qoidalar?
- Atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashishning eng yaxshi yo‘li ko‘chalarda kamroq avtomobil bo‘lishidir. Bunda esa velosipedlar muhim o‘rin tutadi, - deydi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi Boburjon Donayev. - Velosipedlar eng tejamkor, sokin va manyovrli transport turi hisoblanib, yo‘llar va to‘xtash joylarida kamroq joyni egallashi bilan ahamiyatli.
Biroq, velosiped bog‘liq avariyalar ham uchrab turadi. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, velosiped bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari 2019 yilda 731 ta, 2020 yilda 839 ta, 2021 yilda 1075 tani tashkil qilgan.
Ko‘rsatkichning ortib borayotgani, yo‘l harakati ishtirokchilarining velosipedda harakatlanish qoidalariga yetarli darajada e’tibor bermasligini anglatadi.
Qonunchiligimizda velosiped bilan harakatlanishda bir qator qoidalar belgilangan bo‘lib, ushbu transport turini haydashdan oldin tegishli yo‘l-yo‘riqlarni bilish maqsadga muvofiqdir.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 martdagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida velosiped harakatlanishiga doir qo‘shimcha talablar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, yo‘lda velosipedni boshqarish 14 yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarga ruxsat etiladi.
Shuningdek, velosipedlar yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagida imkoni boricha o‘ng tomonidan bir qator bo‘lib harakatlanishiga yo‘l qo‘yiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasidan harakatlanishi mumkinligi belgilangan.
Velosiped tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz bo‘lishi zarur. Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich va chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich va chiroq, yon tomonlariga esa zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerakligi belgilangan.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga asosan, velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shart.
Ushbu nur qaytaruvchi elementli parchalar boshqa haydovchilar tomonidan ko‘rinishi ta’minlanishi kerak.
Velosiped haydovchilariga quyidagilar taqiqlanadi: rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish; yo‘lovchi tashish (ishonchli oyoq qo‘ygich bilan jihozlangan qo‘shimcha o‘rindiqda 7 yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchini tashish bundan mustasno); gabaritdan bo‘yiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish; velosiped yo‘lkasi bo‘lgan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanish; tramvaylar harakatlanadigan yo‘llarda va tegishli yo‘nalishda bo‘lagi bittadan ko‘p bo‘lgan yo‘llarda chapga burilish yoki qayrilib olish.
Chorrahadan tashqaridagi tartibga solinmagan velosiped yo‘lkasi bilan yo‘l kesishmasida velosiped haydovchilari yo‘lda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishlari kerak.
- Velosipedda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 136 va 138-moddalarida velosipedda harakatlanish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilangan.
Velosiped haydovchisining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi; velosiped haydovchilarining yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi; velosiped haydovchisining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bu kabi transport turi uchun belgilangan talablar ilg‘or xorij davlatlarning ushbu sohadagi qonunchiligiga deyarli o‘xshash ekanligini qayd etish joiz. Xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiyada velosipedlarining harakati yo‘lning o‘ng chetida, harakatlanayotgan transport bo‘ylab yurish tartibiga rioya qilinadi. Aynan velosipedlarning jihozlanish talablari ham deyarli bir xil.
Belgilangan yosh chegarasi, ushbu transportning qanday jihozlanishi lozimligi hamda bu kabi transport vositasini harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik holatlari biroz farq qiladi.
Ushbu davlatlarda har bir qoidani buzganlik uchun alohida tartibda jarima jazosi ishlab chiqilgan bo‘lib, ular alohida qonun bilan tartibga solinadi. Boisi, qonunlarning har biri alohida transport turi uchun ishlab chiqilgan va javobgarlik masalasi aynan ushbu qonunning o‘zida ko‘rsatib o‘tilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, fuqarolar tomonidan velosipeddan foydalanishda hamda boshqa turdagi transport egalari, piyodalar yuqorida keltirilgan qoidalarga amal qilishlari xavfsiz va qulay yo‘l harakatini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Velosipeddan harakatlanishda ushbu sohadagi ilg‘or xorij tajribasini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish yo‘l harakati faoliyatiga oid tartib-qoidalarning yanada rivojlanishiga yo‘l ochadi.
N.Abduraimova, O‘zA