Vazir o‘rinbosari aholi murojaatlarini o‘rgandi
Adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev Navoiy viloyati Xatirchi tumanida bo‘lib, aholining maishiy turmush sharoiti, muammo va murojaatlarini o‘rgandi.
Bugungi kunda tumanda 70 ta mahallada 200 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Dastlab tuman hokimi va sektor rahbarlari ishtirokida qurilish obyektlari, jumladan, yangi qurilayotgan Xotira maydoni hamda tuman muzeyida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, mavjud masalalar yuzasidan taklif va huquqiy tushunchalar berildi.

Tumanning olis hududlaridan biri, 9 ta qishloqdan iborat Angidon mahallasida aholi asosan chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Hududda 3 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Vazir o‘rinbosarining yoshlar bilan uchrashuvida maktablarga sport maydonchalari, zamonaviy kompyuter jamlanmalari, laboratoriya jihozlari zarurati borligi yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Shuningdek, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ish bilan ta’minlash masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Aholi bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda esa mahalla ahli bandlik, subsidiya olish, oilaviy va mehnat munosabatlari, bank-kredit masalalarida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, o‘z muammolari yuzasidan murojaat qildi.

Bugungi kunda Angidonda ekoturizm rivojlanib bormoqda. Bu tabiiyki, infratuzilmaning tobora yaxshilanishiga turtki bo‘ladi. Shu bois endilikda hududda “Mehmon uylari”ni tashkil etish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilyapti. Fuqarolar ushbu yo‘nalishda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shuningdek, tadbirda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan aholiga huquqiy tushunchalar berilib, targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Uchrashuv davomida mahalla ahliga elektron imzo olish, farzandini ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish singari masalalarda 10 turdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri