Vatanparvarlikni eʼzozlab yashayotgan odam...
Otasining izidan borgan Yuriy ham harbiy sohani tanladi.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Jizzax shahrida yashovchi mehnat faxriysi, isteʼfodagi ofitser Yuriy Vladimirovich Storojuk Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida” qarori asosida Toshkentdagi Gʻalaba bogʻida barpo etilayotgan muzeyga oilasida saqlab kelayotgan 13 nomdagi noyob yodgorliklar kolleksiyasini topshirdi.
Yuriy Vladimirovichning otasi marhum Vladimir Akimovich Strorojuk ikkinchi jahon urushining boshidan oxirgacha qatnashib, koʻrsatgan jasorati uchun koʻplab jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Urushdan soʻng tinch qurilish ishlarida Oʻzbekistonda xalq xoʻjaligini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan. Pensiyaga chiqqach umrining oxirgacha oʻzi jang qilgan 247-Yaroslavl dviziyasi faxriy kengashi aʼzosi, Jizzax shahar urush faxriylari kengashi raisi sifatida harbiy vatanparvarlikni, tinchlikni targʻib qilish ishiga munosib hissa qoʻshdi.
Otasining izidan borgan Yuriy ham harbiy sohani tanladi. Chegara qoʻshinlari safida xizmat qildi. Isteʼfoga chiqqandan soʻng sanoat korxonalarida mutaxassis, rahbarlik vazifalarida ishladi. Pensiyaga chiqqanidan soʻng ham odamlarga naf keltirishga harakat qilib, jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelayotir. Viloyat rus milliy madaniyat markazi rahbarining oʻrinbosari sifatida xalqlar doʻstligini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik, baynalminal ruhda tarbiyalash ishiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Keyingi yillarda Yuriy Vladimirovichning Rossiya, Ukraina, Belarusda faoliyat koʻrsatayotgan iztoparlar bilan hamkorlikda ikkinchi jahon urushida bedarak ketgan oʻzbekistonlik jangchilarni axtarib topishda hamkorlik qilib kelayotir. Shu hamkorlik natijasida urushda bedarak yoʻqolgan bir necha jangchilar toʻgʻrisida maʼlumotlarni, ularning Oʻzbekistondagi yaqinlarini topishga muvaffaq boʻldi.
Masalan, shunday izlanishlar davomida Rossiya Federatsiyasi Voronej viloyatidagi iztoparlar otryadi bilan olib borgan internet izlanish davomida ikkinchi jahon urushida bedarak ketganlar roʻyxatiga kiritilgan Jiyanboy Kulboyevning yaqinlarini topib berdi. Voronejlik iztoparlar olib borgan qazish ishlari davomida Lipesk viloyati Ozerki qishlogʻi yaqinidagi sobiq janggohdan topilgan sobiq jangchining shaxsiga oid maʼlumotda uning 1912-yil Samarqand viloyati Gʻallaorol tumani Gʻubdin qishloq sovetida tugʻilgani yozilgandi.
Biroq oradan koʻp yillar oʻtishi natijasida odamlarning yashash manzillari, qishloqlar nomlari ham oʻzgargan Shuning uchun sobiq jangchining yaqinlarini topish oson boʻlmadi. Ammo Yuriy Vladimirovich izlanishdan toʻxtamadi. Natijada halok boʻlgan jangchining 80 yoshli oʻgʻlini topib, 78 yil ilgari bedarak ketgan otasining taqdiridan xabardor qildi.
Yuriy Storojukning faoliyatida bunday misollar koʻp. U ikkinchi jahon urushida bedarak ketganlar haqida maʼlumotlarni izlash, ularning yaqinlarini topiishdek savob ishni davom ettirmoqda.
– Insoniyat tarixidagi eng mudhish, millionlab odamlarni qurbon qilgan ikkinchi jahon urushini hech qachon unutish mumkin emas, – deydi Yuriy Vladimirovich. – Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan urushda qurbon boʻlganlar xotirasi yana yodga olinayotir. Urushda xalqimizning koʻrsatgan qahramonligini ulugʻlash, qurbonlar xotirasini muqaddas saqlash yosh avlodni bugungi tinch, osoyishta hayot qadriga yetdigan kishilar qilib kamolga yetkazish uchun ham juda zarur. Davlatimiz tomonidan ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabani munosib nishonlash, urush qatnashchilarini eʼzozlash, oʻtganlar xotirasini abadiylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda shu ezgu maqsad mujassam. Biz, urush qatnashchilarining farzandlari bu ezgu maqsadni amalga oshirishda faol boʻlishga koʻproq burchlimiz.
Yuriy Vladimirovichning yana bir havas qilishga arziydigan yaxshi hunari bor. U yaxshi fotograf. Yurtimizning barcha bayramlarini, tarixiy voqealarni, bunyodkorlik ishlarini, tabiat goʻzalliklarini fotolavhalarda aks ettirib boradi. Uning turli mavzularda mahorat bilan ishlangan fotolavhalarini Respublika, viloyat ommaviy axborot vositalarida, internet tarmoqlarida uchratish mumkin.