Vatanparvarlik mavzusida tadbir o‘tkazildi
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, g‘urur va iftixor hissini uyg‘otish, xalq va armiya yakdilligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlar yoshlarda harbiy xizmatga qiziqishni oshirmoqda.
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida tuman hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi tuman bo‘limi hamkorligida 1-,2-,18- va 20-umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Vatanga sadoqatli yoshlar” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi Do‘stlik tuman bo‘linmasi rahbari M.Ismoilov vatanga xizmat qilish har bir yigitning oliy burchi ekanligi, xalq va armiya birdamligi, shuningdek,
27 oktyabr kuni o‘tadigan siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari, ularda yoshlarning ishtiroki haqida ham gapirib o‘tdi.

Tadbirda ko‘plab yoshlar harbiy xizmatga qiziqish bildirganligi sababli, yurtimizdagi oliy harbiy o‘quv yurtlariga kursantlarni qabul qilish shartlari, abituriyentlar qanday imtihonlardan o‘tishi va, umuman, yoshlar harbiy xizmatchilar safida qanday xizmat qilishi bilan qiziqdi.

Davra suhbatida Vatan himoyachilari yoshlarga Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt va xalq xavfsizligini qo‘riqlash yo‘lida mardlarcha xizmat qilayotganlar haqida so‘zlab berdi hamda sohaga oid videoroliklar namoyish etildi.
Mehmonlar yoshlarga harbiy akademiyalarda yaratilgan shart-sharoitlar, darslar, mashg‘ulotlar qanday o‘tishi, tartib-intizomni saqlashning ahamiyati haqida ham so‘z yuritib, ularni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar qaytardi.

Bu kabi uchrashuvlar tumandagi boshqa umumta’lim maktablarida ham o‘tishi rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari