“Vatanparvarlik karvoni” Toshkent viloyatida
Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni oldidan “Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi” ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda.
Zangiota tumanidagi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir barchada katta taassurot qoldirdi. Unda harbiy xizmatchilar, yoshlar, Qurolli Kuchlar faxriylari va keksalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda shoir To‘lqin Eshbek va el suygan aktyor Alisher Otaboyev yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. O‘z navbatida turli yo‘nalishlarda tashabbus ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar taqdirlandi.
[gallery-15193]
Shuningdek, Piskent tumanidagi istirohat bog‘ida Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, tuman hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda “Vatanparvarlik karvoni” festivali o‘tkazildi.
Dastlab tumanning markaziy ko‘chasi bo‘ylab harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida harbiy saf yurishlari bo‘ldi. Chirchiq garnizoni harbiy orkestr jamoasining kuy-qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat baxsh etdi. Festival doirasida faxriy qorovulning ko‘rgazmali saf chiqishlari hamda qo‘l jangi sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Tumanning iqtidorli yoshlari tomonidan tayyorlangan go‘zal raqslar va sahna ko‘rinishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Musayev, D.Ernazarov, O‘zA muxbirlari