“Vatanparvarlar bog‘i”da xotira va ehtirom tadbiri
FOTOREPORTAJ
9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Farg‘ona shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i” hududida joylashgan “Motamsaro ona” haykali poyida tantanali gul qo‘yish marosimi tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, urush va mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida ishtirokchilar “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatan ozodligi va yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.
Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug, mudofaa va huquq-tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan ham haykal poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbir davomida yurt ozodligi va xalq tinchligi uchun jon fido qilgan insonlar xotirasi yod etildi. Qayd etilganidek, “Vatanparvarlar bog‘i” yosh avlod qalbida vatanparvarlik, sadoqat va tinchlik qadrini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ma’naviy maskanlardan biri hisoblanadi.
[gallery-29332]
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA