“Vatanparvar” tashkiloti o‘ttiz yoshga to‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni mudofaa sohasidagi boshlang‘ich bilimlarga o‘qitish va harbiy xizmatga tayyorlashda davlat xokimiyati organlariga ko‘maklashish hamda fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga sifatli tayyorlab, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirishda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Xususan, tashkilotning o‘quv sport texnika klubida ommaviy kasb xodimlari tayyorlanmoqda. Shuningdek, pnevmatik quroldan o‘q otish, karting, avtokross, yozgi biatlon, duatlon sport seksiyasi mavjud bo‘lib, o‘quvchi yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida to‘garaklar faoliyat yuritib kelmoqda. Haydovchilikga tayyorlash o‘quv kurslari muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Ko‘p yillik mehnatlari samarasini nishonlash maqsadida tashkilotning 30 yilligi munosabati bilan “Vatanparvar” tashkiloti Keles shahar o‘quv sport texnika klubida “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bo‘lish” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tashkilotda barcha sa’y-harakatlar davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
“Vatanparvar” tashkiloti o‘z faoliyati davomida aholi, ayniqsa yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Tashkilot qoshidagi to‘garaklar o‘quvchilari tomonidan sport turlaridan parchalar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA