Vatanni himoya qilish – har bir fuqaroning burchi
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda erishilgan ulkan yutuqlarning huquqiy poydevori hisoblangan Bosh qomusimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi O‘zbekistonni demokratik huquqiy davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda fuqarolarimizning siyosiy saviyasi, ijtimoiy faolligi va huquqiy savodxonligi hamda madaniyatini yuksaltirishda yangi islohotlar bosqichining asosiy talabiga aylandi.
Dunyodagi demokratik davlatlarda hech bir shaxs, hech bir fuqaro o‘z ijtimoiy-shaxsiy hayotini, o‘zining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur qila olmaydi. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, “Bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga tatbiq etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimizdir”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham mazmun-mohiyatiga ko‘ra, o‘zida xalqimizning erki, ezgu-niyatlari, orzu intilishlari, maqsadi, milliy qadriyatlari, ta’lim olish, ilm bilan shug‘ullanish, ijod qilish erkinligi, ma’naviyati va madaniyatini to‘liq aks ettiradi.
Chunonchi, Asosiy qonunimizning muqaddimasida inson huquqlariga sodiqlik, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash g‘oyalari mustahkamlangan, shuningdek, unda ta’lim olish huquqi, ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi, har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi belgilangan bo‘lib, ular bugungi kunda hayotimizga samarali to‘la joriy etilmoqda.
Shuningdek, Vatanni himoya qilish – har bir fuqaroning burchi. O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning Vatanni himoya qilish burchi to‘g‘risida bir qancha qonun va huquqiy aktlar qabul qilingan. Bularda fuqarolarning harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi burchlari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi, fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburligi, 125-moddasida esa O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilishi, Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanishi, 126-moddasida O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlarga egaligi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisidagi nutqida “Tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplariga, eng asosiysi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashdek biz uchun ustuvor bo‘lgan tamoyillarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Bu doktrinaning ma’no-mazmuni birinchi marta ochiqlik xususiyatiga ega bo‘ldi. Bu esa bizning mudofaa siyosatimizning ochiqligini namoyish etmoqda. Doktrinada O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati bo‘yicha prinsipial yondashuvlar, ularni qo‘llash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab berildi”, deb ta’kidladi.
O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan munosabatlarda mamlakatning milliy davlatchilik manfaatlari ustuvorligi, o‘zaro manfaatdorlik, teng huquqlilik, ichki ishlarga aralashmaslik, munozarali masalalarni tinch yo‘l bilan va muzokaralar asosida hal etish, davlatlararo chegaralarni buzmaslik va o‘zgartirmaslik tamoyillariga asoslanishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXVI bobi mamlakatimiz Mudofaa va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilishi, O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga ega ekanligi e’tirof etilgan.
Darhaqiqat, 2022 yil 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining 27 yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tdi.
Oliy Majlis palatalarining joriy yilning 20 maydagi qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan edi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida 20 mingdan ziyod takliflar barcha soha vakillaridan kelib tushayotgani tahsinga sazovor. Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati halqimiz tomonidan nafaqat to‘g‘ri qabul qilinayotgani, balki bu jarayonda ularning qanchalik faol ishtirok etayotganini anglatadi.
Yana bir qiziq dalil – ushbu jarayon bizga aholining yosh jihatdan faol ekanini ham ko‘rsatmoqda. Kelib tushgan takliflarning qariyb 70 foizi 18-30 yosh oralig‘idagi aholiga tegishli.
Hozirda barcha takliflar chuqur o‘rganilib, ularning har biri bo‘yicha asoslantirilgan xulosalar tayyorlanayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Quvonarli jihati shundaki, bizning Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari tarkibi ham Bosh qomusimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha siyosiy jarayonda faol ishtirok etmoqda.
U.Iskandarov,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti o‘qituvchisi, podpolkovnik.
O‘zA