Vataniy ish vataniy ishq bilan
Kuni kecha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor o‘qituvchilari jamoasi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani aholisi bilan Qumovuldagi madaniyat saroyida "Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash" shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi.
Tadbirda jonli suhbat-ma’ruzadan so‘ng san’atkorlarning musiqiy chiqishlari, yosh sportchilarning amaliy mashqlari, o‘quvchilarning vatanparvarlik ruhidagi she’rlari, viktorina o‘yinlari g‘oliblariga turli sovg‘alar taqdim etish davraga fayz va tarovat baxsh etdi. Samarali faoliyatning natijasi sifatida Toshkent viloyatining yangi poytaxti - Nurafshon shahrining paydo bo‘lishi va uni O‘zbekistondagi birinchi "aqlli shahar" deya e’tirof etilgani tadbirda ham yana bir bor tilga olindi.
Prezidentimizning 2020 yildagi parlamentga Murojaatnomasi hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va uning mazmun-mohiyatining tahlil etib berilishi, “Konstitutsiya – xalq farovonligi va yurt tinchligi”, “Yangi O‘zbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida”, “Xotin-qizlarni ijtimoiylashtirish va ularni faollashtirish”, “Yoshlarni ijtimoiy faollashtirishga innovatsion yondashuv” kabi mavzularidagi ma’ruzalar mutasaddi olimlar tomonidan muntazam ravishda yoritib borilishi alohida uqtirildi.
Eng muhimi, tadbir jonli va jo‘shqin tarzda o‘tdi.

Rahimboy JUMANIYOZOV,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari