Vatanga qasamyod yuksak sharaf
Mudofaa vazirligi Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarining Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi harbiy qism va muassasalarida o‘z xizmatini o‘tayotgan yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarning vatanga qasamyod qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, mazkur qasamyodni o‘tkazish rejasiga asosan yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar saf maydonida bo‘linma komandirlari tomonidan saflanishdi. Shundan so‘ng, bayroqdor guruh harbiy qismning jangovar bayroqlari bilan yurib o‘tdi. Qism komandirlari saflangan yurt o‘g‘lonlarini vatanga qasamyod qilishlari uchun ko‘rsatma bergandan so‘ng harbiy xizmatchilarimiz birin ketin qasamyod qilish uchun kirishildi. Ba haqida Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
G‘urur, sadoqat va oriyatni eng oliy qadriyat, deb biladigan xalqimiz uchun bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli hamda sharafli burchni ado etishga bel bog‘lash, ahd-paymon qilish marosimidir. Karantin talablariga amal qilingan holda o‘tkazilgan tadbirda ham ana shu jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Har bir askarning cheksiz quvonch bilan birga o‘z vataniga xizmat qilish oliy fazilat ekanligi, ularning yuz ko‘zidan bilish qiyin bo‘lmadi.
-Milliy armiyamizda xizmat qilish -har bir yigitning orzusi,-deydi Farg‘ona shahridagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Alisher Olimov. - Men ana shu niyatimga erishganimdan faxrlanaman. Harbiy qasamyod qabul qilganim esa hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘lib qolishi, shubhasiz. Ahdimda qat’iy turib, jonajon O‘zbekistonimizga chin yurakdan xizmat qilaman.
Joylarda o‘tkazilgan tantanali marosimda okrug mas’ul ofitserlari tomonidan har bir yurt o‘g‘lonining qilgan qasamyodida ishtirok etib ularga kelgusi muddatli harbiy xizmatida ulkan zafarlar tiladi.
Qo‘l jangi va jangovar chiqishlar namoyish etilib, tadbirda konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
M. Sulaymonov, O‘zA