“Vatan tayanchi” – kuchli iroda, harbiy jasorat maktabi
Xorazmlik yoshlar orasida vatanparvarlik ruhini oshirish, harbiy tayyorgarlikni kuchaytirish va jismoniy chiniqishni targ‘ib qilish maqsadida yangi tartibda tashkil etilgan harbiy-ma’muriy sektor kubogi uchun o‘tkazilgan harbiy-sport musobaqasi ana shunday nomlandi.
Musobaqaning viloyat bosqichida barcha tumanlardan umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilaridan saralangan “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari ishtirok etishdi.
– Har bir jamoa o‘zining bayrog‘i va harbiy dala kiyimi bilan maydonga chiqdi, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Mamajonov. – Harbiy estafeta yoshlarning tezkorlik, aniqlik va koordinatsiya qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi, Qurolni yig‘ish, gaz niqobini to‘g‘ri taqish, yaradorni evakuatsiya qilish kabi vazifalarni bajarayotgan yoshlarning har bir harakati ulkan mas’uliyatni his etishining yaqqol isboti bo‘ldi.
Murakkab ssenariylar asosida tuzilgan musobaqa sahnalari haqiqiy harbiy hayotning bir bo‘lagidek namoyon bo‘ldi. Harbiy jangovar texnikadan yaradorni olib chiqish va unga tez tibbiy yordam ko‘rsatish mashqi yoshlarni chinakam harbiy fidoyilikka o‘rgatdi.
[gallery-23293]
Jismoniy bardamlikni sinovdan o‘tkazuvchi sinov – maxsus to‘siqlar yo‘lagidan o‘tgan ishtirokchilar, granatani aniqlik bilan uloqtirish va nishonga bexato zarba berishda o‘z mahoratini namoyon qilishdi. Turnikda tortilish, press mashqlari orqali kuch va bardosh sinovdan o‘tdi.
Jasorat ko‘rsatish uchun nafaqat jismoniy, balki intellektual tayyorgarlik ham bo‘lishi lozim. Test shaklida o‘tkazilgan “Sarkardalar tarixi bilimdoni” shartida Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ sarkardalar hayoti bo‘yicha bilimlar sinovdan o‘tkazildi. Musobaqalar Urganch garnizoni vakillari va tajribali harbiy mutaxassislar tomonidan ochiq va shaffof baholandi. Har bir jamoaning natijasi aniq mezonlarga asosan belgilandi.
– Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy yo‘nalishga qiziqtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Urganch shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabi chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi Murodbek Quryozov. – Maktabimizda harbiy vatanparvarlikka asoslangan, zamonaviy ko‘rinishda jihozlangan harbiy- vatanparvarlik sinflarida o‘g‘il-qizlarga muntazam ravishda harbiy bilim va ko‘nikmalar berib borilmoqda.
Musobaqaning eng yuqori natijalarini qayd etgan Xonqa tumandagi 22- umumta’lim maktabining “Vatanparvarlar” jamoasi “Harbiy-ma’muriy sektor” kubogi bilan taqdirlandi. Shuningdek, barcha faol ishtirokchilar diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan konsertlar, milliy cholg‘ular va motivatsion chiqishlar ishtirokchilar va mehmonlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Darhaqiqat, "Harbiy-ma’muriy sektor kubogi” – bu shunchaki musobaqa emas. Bu – Vatan posbonlarini tarbiyalovchi maktab, yurt tinchligi uchun fidoyilikka tayyor avlodni kamolga yetkazuvchi maydon. G‘oliblik esa ruhiy va jismoniy jasoratning yuksak timsolidir.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari