Vatan rassomlar nigohida (+video)
Mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida Farg‘ona viloyati Rassomlar uyushmasi “Mening O‘zbekistonim” shiori ostida mo‘yqalam ustalari va naqshinkor kulollar ijod namunalari ko‘rgazmasini tashkil etdi.
Ko‘rgazmada Farg‘ona viloyati rassomlari, ustoz-shogird harakati ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar qatnashdilar.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar ijod ahli mamlakatda ro‘y bergan o‘zgarishlar, islohot va bunyodkorlik ishlaridan ulkan ilhom olayotganlarini, bu asarlar Vatanni madh etishdagi kichik hissalari ekanini ta’kidlashdi.
Ko‘rgazmaga peyzaj, portret, abstraktizm kabi janrlarga oid moybo‘yoq asarlar, naqshinkor kulolchilik namunalari qo‘yilgan. Har bir asarda muallifning Vatanga mehr uyg‘otuvchi chizgilari tomoshabinni his-hayajonga chulg‘aydi.
– Turkiyadan quchoq-quchoq salomlar keltirdim, – deydi mehmon Dilorom Aliyeva. – Bu qadar muhtasham va go‘zal asarlar yuksak iqtidor mahsuli. Men farg‘onalik rassomlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yaman.

Darhaqiqat, aslida ijod namunalari dunyoning nufuzli muzeylaridan o‘rin olgan. Jumladan, Turkiya ko‘rgazmalarida ham namoyish etilgan.

– O‘zbekiston mustaqilligi, Vatan madhi mavzulari hech qachon ijodkor kun tartibidan tushgan emas, – deydi viloyat Rassomlar uyushmasi raisi Lyudmila Semizorova. – Rassomlar ijodi xalqimizga yaqinroq bo‘lishi uchun biz ko‘rgazmani shahar-tumanlarda ham tashkil etamiz.
Ko‘rgazma doirasida dizaynerlarning milliy matolardan ishlagan liboslari namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Vf1x7QRtMJc" title="Vatan rassomlar nigohida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA