“Vatan nadir, tuqqon yerim, turg‘on yerim”
Sidqiy Xondayliqiy tavalludining 140 yilligi
Bo‘stonliq tumanida atoqli shoir, xattot va tarjimon Sidqiy Xondayliqiy tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.
Sirojiddin Mahdum Mirzohidoxund o‘g‘li Sidqiy 1884 yili hozirgi Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘ida tug‘ilgan. Arab, fors tillarini o‘rgangan. Xattotlikka qiziqqan, she’r mashq qilgan. Uning poetik merosidan salmoqli qismini hajviyot va ijtimoiy she’rlar tashkil qiladi.
Hududdagi Xondayliq qishlog‘ida tashkil etilgan Sidqiy Xondayliqiy nomidagi kutubxonaning ochilish marosimida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, viloyat ziyolilari, ijodkorlar, nuroniylar hamda hudud faollari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani va bu kabi ezgu ishlar davomiy ekani ta’kidlandi. Xususan, bugungi kunda o‘z umrini ijod va badiiy tarjimaga bag‘ishlagan, yillar davomida ko‘plab nazmiy va nasriy asarlar yaratgan Sidqiy Xondayliqiy merosini o‘rganish, yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari kutubxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. So‘ng barcha mehmonlar “Chorvoq” oromgohida tashkil etilgan “Vatan nadir, tuqqon yerim, turg‘on yerim” nomli adabiy-ma’rifiy xotira kechasida jam bo‘ldi.
Dastlab Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov mazkur tadbirlarining xalqimiz adabiy hayotidagi ahamiyati xususida so‘zladi.
[gallery-20171]
Yurt madaniyati rivoji, millatning ruhiy taraqqiyoti uchun o‘z ijodi, ibratli hayot yo‘li, jasorati va matonati bilan hissa qo‘shgan zabardast adiblarimiz hurmatini joyiga qo‘yish, ularning asarlarini yosh avlodga keng targ‘ib qilish, nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tilga olindi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir Minhojiddin Mirzo ulug‘ ijodkor qalamiga mansub asarlari jamlangan saylanma kitob nashr qilinayotgani va tez kunda keng jamoatchilikka yetishini aytdi.
Shundan so‘ng ijodkorlar Xondayliqiy faoliyati haqida fikrlar bildirildi, she’rlaridan o‘qildi. “Nazm va navo” ruhidagi adabiy kechada ijro qilingan mumtoz kuy va qo‘shiqlar barchada katta taassurot qoldirdi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.