Vatan muqaddas, uni asramoq – mardlarga xos
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Vatan muqaddas, uni asramoq – mardlarga xos” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy, badiiy musiqiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismlarning qurol-aslaha va texnikalar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Askarlar ishtirokida namoyish etilgan harbiy chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.


Tadbirga hamohang ravishda ta’tildan qaytgan talabalarni sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida Chirchiq shahar hokimligi bilan hamkorlikda talaba-yoshlar uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Chirchiq gornizonida joylashgan harbiy qismlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.


Shundan so‘ng tantanali bayram konserti tashkil etildi. Tadbir davomida Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Qodirjon Tursunov hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Noryigit Dusanov o‘qishni boshlab olgan yoshlarga o‘z tilaklarini bildirdi. Nafaqadagi harbiylar taqdirlandi.
Prezidentimizning tegishli qaror-farmonlari ijrosiga asosan, hozir mazkur ta’lim muassasasida talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda ona Vatanga bo‘lgan sadoqat hissini yanada kuchaytirish maqsadida respublikadagi harbiy qismlar bilan hamkorlikda turkum tadbirlar tashkil etilyapti. Bu sa’y-harakatlar avvalo yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish uchundir.

A.Musayev,O‘zA