Vatan mehri “To‘maris izdoshlari” yuragida
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kuch tuzilmalari safida xizmat qilayotgan harbiy xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “To‘maris izdoshlari” respublika tanlovi ham ushbu maqsadga qaratilgan.
“Vatan mehri yuragimda” shiori ostida o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov harbiy xizmatchi ayollarning o‘z kasbining haqiqiy ustasi sifatida Vatan oldidagi muqaddas burchini sadoqat va fidoyilik bilan ado etishi, shu bilan birga, oilada latofatli beka va mehribon ona sifatidagi ulug‘ mas’uliyatli vazifalarini ham bekamu ko‘st bajarib kelayotganini keng jamoatchilikka ibrat namunasi sifatida namoyon etadi. Shuningdek, bugungi globallashuv davrida mamlakat xotin-qizlarining ta’lim olish va kasb-hunar tanlash imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligini oshirishga, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitishga hamda yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, xotin-qizlar o‘rtasida erta turmush, erta tug‘ruq, huquqbuzarlik va jinoyatchilik kabi turli salbiy holatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
[gallery-25661]
Joriy yilda tanlovni yangicha mazmunda tashkil etish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Bojxona qo‘mitasi o‘rtasida qo‘shma qaror imzolanib, tanlov nizomi tasdiqlandi. Shu asosida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tanlov Mudofaa vazirligi mezbonligida vazirlik tasarrufidagi muassasalarda hamda Oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligida tashkil etilib, uning dastlabki kuni kuch tuzilmalaridagi harbiy xizmatchi xotin-qizlar tomonidan Yangi O‘zbekiston bog‘idagi “Mustaqillik monumenti” poyiga gulchambar qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida harbiy xizmatchi xotin-qizlar hamda harbiy orkestr ishtirokida tantanali harbiy parad tashkil etildi.
Tanlovning asosiy qismida ayol harbiy xizmatchilardan iborat 6 ta jamoa tanishtiruv, test sinovi, o‘q otish, harbiy hamda jismoniy tayyorgarlik, taom tayyorlash va erkin mavzu shartlarida o‘zaro bellashdi.
Yakuniy bosqich hamda taqdirlash marosimi bugun, 9 oktyabr kuni Kuch tuzilmalari idoralari rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari, “Oqila ayollar” harakati faollari, davlat mukofotlari sohibalari hamda faol xotin-qizlar ishtirokida o‘tkaziladi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA