Vatan bayrog‘i qalblarga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 29 yil to‘ldi.
Vatanimiz bayrog‘i g‘urur va faxrimiz, ulug‘ maqsadlarimiz, xalqimizning mustaqilligi, tinchlik va ozodligi timsoli hisoblanadi. Bayrog‘imizga qancha ta’rif bersak shuncha oz. Lekin bugun bu haqda emas, bayrog‘imiz bilan bog‘liq ayrim cheklovlar haqida gapirmoqchiman.
Ma’lumki, 29 yil ilgari qabul qilingan qonunga 2010 yilning 24 dekabrirda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Demak, o‘n yildan buyon qonunga yangilik kiritilgani yo‘q. Menimcha, o‘zgarayotgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bayrog‘imizdan foydalanishdagi ayrim cheklovlarni olib tashlash zaruratini tug‘dirmoqda.

Bayroqdan foydalanish “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Xususan, qonunning 5-moddasida bayroqning doimiy ravishda davlatning qaysi idoralari binolarida, majlislar zalida hamda rahbarlarning xizmat xonalarida turishi belgilangan. Shuningdek, davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish, nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.
Ammo xorijiy davlatlar tajribasidan ma’lumki, fuqarolarning bayroqdan foydalanishida deyarli hech qanday cheklov o‘rnatilmagan va O‘zbekistonda ham bunday ta’qiqlarni olib tashlash vaqti keldi. Bu xalqimizning, yoshlarimizning bayrog‘imizga bo‘lgan hurmatini yanada oshirishi bilan birga, qalbimizda g‘urur, iftixor tuyg‘ularini yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Nima uchun uyimning to‘riga yoki farzandlarim darsxonasiga Vatanim bayrog‘ini ilib qo‘yishim mumkin emas? Mashinamga kichik bayroqchani ildirib qo‘yishimning nimasi yomon? Barcha ta’lim maskanlari (oliy ta’lim muassasalari, kollej, maktab, bog‘chalar), dars va mashg‘ulot xonalariga bayrog‘imizning o‘rnatib qo‘yilishi milliy iftixorimiz, g‘ururimizning go‘zal ifodasi emasmi?! Qolaversa, bu holat yoshlar qalbida davlat ramzlariga nisbatan e’tiqod va hurmat tuyg‘usini oshiradi, mustahkamlaydi.
Keyingi paytlarda bayram kechalarida yoshlarimizning bayroqlarni ko‘tarib olgancha bayram namoyishlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Ularning bayrog‘imizni ko‘klarga ko‘tarib, “O‘zbekiston, O‘zbekiston!” deya olqishlaganlari yuragida Vatan tuyg‘usi bo‘lgan har qanday yurtdoshimizning qalbiga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi. Xo‘sh, buning nimasi yomon?
Biroq qonunan qaralganda bu mumkin emas. Ammo bunday harakatlarni hech kim cheklayotgani ham yo‘q. Shunday ekan, qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga nima xalaqit beryapti?
Xorijga eksport qilinayotgan milliy mahsulotlarga ham bayrog‘imiz ramzi tushirilishiga ruxsat berilishi lozim. Bu mamlakatimiz bayrog‘ini dunyoga yanada kengroq tanitib, davlatimiz imijini oshirishga, shuningdek, milliy brendlarimizni tanitishga xizmat qiladi.
Albatta, har qanday sharoitda bayrog‘imizning qadr-qimmatiga putur yetkazmaslik, uning nufuziga daxl qilmaslik qat’iyan belgilanishi shart. Hatto bu boradagi javobgarlik yanada kuchaytirilishi lozim.
Xullas, har qadamda bayrog‘imiz hilpirab tursin. Har qadamda uning kuchini, qudratini his qilib yashaylik!!!
Jahongir ZIYAEV, O‘zMTDP deputati