Varshavada robotlar norozilik namoyishi o‘tkazdi
Polsha poytaxti Varshava shahrida robotlar sun’iy intellektni tartibga solishni talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi. Taxminan 30 gumanoid va to‘rt oyoqli robotlar mamlakat Raqamli texnologiyalar vazirligi oldida yurish qilib, "Ish o‘rinlarini himoya qiling”, “Tartibga solish vaqti keldi” va “Kutmang, tartibga soling” kabi shiorlarni ko‘tarib olgan.
“Temir odam”lar ishtirokidagi ilk namoyish sifatida baholangan ushbu aksiya tarafdorlari ish o‘rnini himoya qilish uchun SI va robot texnikasini tartibga solish zaruratiga e’tibor qaratishni ko‘zlagan.

Raqamli texnologiyalar vaziri Kshishtof Gavkovski namoyishchilar bilan uchrashib, ularga idora tegishli qoida ustida ishlayotganini ma’lum qildi.

Tashkilotchilardan biri esa parlamentda muhokama qilinayotgan tashabbus ishchilar uchun yetarli himoyani ta’minlay olmasligiga urg‘u bergan.
S.Rahimov, O‘zA