“Vaqf” fondi mablag‘lari nimalarga sarflangan?
Masjidlar binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda masjidlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Vaqf” fondining asosiy vazifalaridir.
O‘tgan yillar davomida fond tomonidan jami 85 ta masjidga 5 milliard 252 million so‘m xayriya qilingan bo‘lsa, aholining diniy-ma’rifiy ilmlarini oshirish va masjidlardagi kutubxonalarni yanada boyitish maqsadida joriy yilda 83 ming 640 dona kitoblar, jami, o‘tgan davr mobaynida qiymati 2 milliard 95 million 873 ming 640 so‘mlik, 94 ming 438 dona kitoblar masjidlar uchun vaqf qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda “Vaqf” xayriya fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan moliyaviy nochor, kam daromadli masjid imom-xatiblari uchun fond tomonidan uzluksiz oylik maosh tayinlanib, o‘tgan vaqt mobaynida 6 milliard 976 million so‘mdan ziyod mablag‘lar maosh sifatida to‘lab berildi. Bundan tashqari, pandemiya davrida respublikamizdagi masjidlarda mehnat qilayotgan imom-xatib, imom noibi, mutavalli, muazzin, qorovul va boshqa texnik xodimlarning barchalariga moddiy yordam uchun 65 milliard 873 million so‘m xayriya sifatida ajratildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, 2020 yil may oyida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida toshqin sabab vayron bo‘lgan “Yusuf” masjidi fond tomonidan homiylar bilan hamkorlikda butkul yangidan bunyod etildi.
Umumiy hisobda fond o‘z faoliyatini boshlagandan bugunga qadar jami 74 milliard 944 million 873 ming so‘m mablag‘ni masjidlar qurilishi, ta’mirlanishi, texnik ta’minot va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun xayriya sifatida yo‘naltirilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, “Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. Vaqfning shar’iy ta’rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. Vaqf – narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir. Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda, vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.
Fondga naqd pul, plastik kartalari va elektron to‘lov tizimlari orqali tushayotgan mablag‘lar maxsus dastur yordamida yagona serverda to‘planib, tahlil qilinadi. Fondning alohida hisob raqamida to‘plangan mablag‘larning maqsadli sarflanishida shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham taqdim etib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA